Joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz 195 ta medalni qoʻlga kiritdi. Ularga oshirilgan stavkada jami 10 milliard soʻm, murabbiy oʻqituvchilariga esa 3,5 milliard soʻm pul mukofoti beriladi.

Xorijiy til egalari jalb qilingan 1 mingdan ziyod maktabda til boʻyicha sertifikat olgan oʻquvchilar soni bir yilda 2,5 barobar koʻpaydi.

«Toʻgʻri, maktabgacha va maktab taʼlimida oʻzgarishlar boʻlyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy taʼlimga masʼul mutasaddilar haligacha taʼlimdagi islohotlar mazmunini toʻliq tushunib yetgani yoʻq», – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha oʻrinbosarlari – birinchi oʻrinbosar Shoxruh Daliyev, oʻrinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani eʼlon qilindi.

Shuningdek, Prezident farmoni va qarori bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.

Endilikda maktabgacha va maktab taʼlimi hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning oʻrinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga oʻtib, taʼlimning barcha yoʻnalishlarida katta oʻzgarish qilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.