Bu haqda Bilimlarni baholash agentligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha Oliy taʼlim muassasalarini va taʼlim yoʻnalishini tanlash uchun my.uzbmb.uz platformasining “Oliy va professional taʼlim muassasalariga qabul” boʻlimiga kirib, “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi va “OTM tanlash” boʻlimiga oʻtiladi.
Dastlab abituriyent “Tanlov ustuvorligi” va “Maqsadli qabul” boʻyicha oʻz tanlovini amalga oshiradi.
Shundan soʻng abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va taʼlim tiliga mos boʻlgan beshtagacha oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini taʼlim shakli bilan birga tanlaydi.
Bunda taʼlim yoʻnalishlarini bir oliy taʼlim muassasasi yoki turli oliy taʼlim muassasalari doirasida tanlash mumkin.
Taʼlim yoʻnalishlarini tanlab, “Saqlash” tugmasi bosilgandan soʻng maʼlumotlarni tasdiqlash uchun abituriyentning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi. SMS xabardagi kodni dasturga kiritish orqali maʼlumotlar tasdiqlanadi.
Maʼlumotlar tasdiqlanganidan soʻng, “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi. Qayd varaqada abituriyent tanlagan tanlov ustuvorligi, taʼlim shakllari, oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari aks etgan boʻladi. Yuklab olish tugmasi orqali abituriyent qayd varaqasini yuklab olishi mumkin.
Abituriyentlar taʼlim yoʻnalishlarini tanlash muddati yakunlangunga qadar oʻz maʼlumotlarini oʻzgartirishlari va qayd varaqasini qayta yuklab olishlari mumkin.
Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani toʻgʻrisidagi yakuniy tanlov natijalari taʼlim yoʻnalishlarini tanlash toʻliq yakunlangandan soʻng bir hafta muddatda eʼlon qilinadi.