Maʼlumki, joriy yilning 13-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi.
Mazkur yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan “Sogʻlom inson – sogʻlom millat” gʻoyasi umummilliy harakatga aylantirilishi taʼkidlanib, oliy taʼlim muassasalari talabalari va xodimlarining sport bilan shugʻullanishlarini yangi bosqichga olib chiqish belgilangan edi.
Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Sport vazirliklari hamkorligida poytaxtimizdagi oliy taʼlim muassasalari xodimlari oʻrtasida sportning mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka hamda kibersport turi boʻyicha “Hamkorlik kubogi” oʻtkazildi.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu bellashuvlar Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti xodimlari oʻrtasida kechdi.
Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov kirish soʻzi bilan ochib berib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Umuman, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida taʼlim-tarbiya, oʻquv jarayonlari bilan bir qatorda sport sohasiga ham katta eʼtibor berilmoqda. Jumladan, 10 ga yaqin sport toʻgaraklari talabalar ixtiyorida. Haftaning har shanba kuni Akademiya rektori boshchiligida ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazilishi esa yaxshi anʼanaga aylangan.
Shuningdek, joriy yilning 26-may sanasida ilk marotaba “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida oʻtkazilgan “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari ham yuqori kayfiyatda boʻlib oʻtganini taʼkidlash joiz.
Ushbu nufuzli sport festivalida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan bir qatorda Akademiya qoshidagi akademik litsey, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi Termiz islom instituti talabalari ham ishtirok etdi.
Musobaqa doirasida Akademiya professor-oʻqituvchilari, xodimlar hamda talabalari orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan bir qancha memorandum va kelishuvlar imzolandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston sogʻlom turmush tarzi va fitness milliy assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bilan Hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Shuningdek, joriy yilning 19-aprel kuni esa Akademiya va Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Voleybol federatsiyasi, Oʻzbekiston Velosport federatsiyasi, “Cyber-BRO” kiberxavfsizlik kompaniyasi hamda “GITA” dasturchilar akademiyasi oʻrtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Albatta, bu kabi hamkorlik aloqalari talaba-yoshlarga nafaqat oʻz salomatliklarini mustahkamlashga, shu bilan birga, jamiyatda sogʻlom turmush tarzi shakllanishiga yordam berishi shubhasiz.
Ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida oʻtkazilgan “Hamkorlik kubogi” esa yangi oʻquv yili oldidan xodimlar oʻrtasida koʻtarinki kayfiyat, doʻstona munosabatlar shakllanishiga xizmat qildi.
Musobaqalar sogʻlom raqobat, oʻzaro hurmat va doʻstlik muhiti ostida boʻlib oʻtdi.
Sportning futbol turi boʻyicha qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakunida 3-oʻrin Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi jamoasiga, 2-oʻrin esa Toshkent davlat yuridik universitetiga nasib etdi. Gʻoliblikni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoʻlga kiritdi.
Voleybol bahslarida esa shohsupani Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari egalladi
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati