Farg‘onada 2024/2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari davom etmoqda.
Joriy yilning 14-25-iyul kunlari yangi o'quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari kirish imtihonlarini yopiq binolarida o'tkazilishi O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan.
Viloyatda joylashgan 8 manzildagi 10 ta binoda test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Guruhlarning umumiy soni 118 ta bo‘lib, 3540 ta sig‘imga ega. Farg‘ona politexnika institutiga: Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi sport zali (210 o'rinli) hamda institut sport zali (240 o‘rinli) binolari biriktirilgan bo‘lib, institut rektori O‘ktam Salomov mas’ullar bilan test jarayonlari bo‘layotgan binoni ko‘zdan kechirdi va kerakli topshiriqlarni berdi.
Shuningdek, institut ko‘ngilli talabalaridan tashkil topgan volontyorlar jamoasi imtihon jarayonlarida ota-onalarga o‘z maslahat va yordamini ulashmoqda.
Ushbu jarayonlarni shaffof va adolatli o‘tkazish maqsadida ota-onalar va keng jamoatchilik uchun test sinovlarini istalgan joydan onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan. Ta’kidlash lozim, 2024/2025-o‘quv yili uchun kirish test sinovlari ikki smenada o‘tkazilmoqda.
Eslatib o'tamiz, imtihonga kirishda abituriyentlar shaxsini identifikatsiyalash, Face ID orqali tekshirib kiritish, har bir guruhda kamera nazoratini tashkil etish, ushbu jarayonlarni abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari onlayn kuzatishi uchun imkoniyat yaratish e’tiborda.