Oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi – taʼlim sifatini oshirish garovidir!

    Ta'lim 29 Dekabr 2021 3109

    Soʻngi uch yildan beri mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalarining reytingi eʼlon qilinib kelinyapti. Reyting tuzish va uni eʼlon qilish, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida raqobat muhitini yaratadi. Oliy taʼlim muassasalarining reyting darajasini aniqlashda u yerda faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilarning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, muassasaning barqaror moliyaviy faoliyati, moddiy-texnik bazasi yetarli darajadaligi muhim mezon sanaladi.

    Taʼlim sohasi taraqqiyoti koʻpincha moliyalashtirish koʻlami va olingan moliyaviy resurslardan samarali foydalanish darajasiga bogʻliq. Shuning uchun turli mamlakatlarda taʼlim sohasidagi islohotlarni moliyalashtirish koʻlami bir-biridan tubdan farq qiladi. Baʼzi mamlakatlar kam mablagʻ talab qiladigan islohotlarni tanlasalar, boshqa mamlakatlar katta moliyaviy resurslarni talab qiladigan yirik islohotlarni amalga oshiradilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 11-iyuldagi PQ-4391-son qaroriga muvofiq bir necha oliy oʻquv yurtlariga sinov-tajriba tariqasida moliyaviy mustaqillik berildi va tajriba oʻzining ijobiy samarasini berdi.

    Aynan shu holatlarni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kuni-kecha qabul qilingan “Oliy taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 60-sonli va “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-sonli qarorlar asosida oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish orqali ularni rivojlantirish va samarali boshqarish uchun dolzarb vazifalar qoʻyildi va yangidan-yangi imkoniyatlar ochdi.

    Taʼlim xizmatlari bozorida yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga talab yuqoriligini inobatga olib, yangi yoʻnalishlar ochilishi hamda aholiga taʼlim xizmatlarini taklif qilish borasidagi mustaqillik oliy taʼlim muassasasining nufuzini koʻtarilib borishiga hissa qoʻshadi. Oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini kengaytirish, moliyalashtirishning koʻp tarmoqligi, qayta sarmoyalanish tamoyiliga asoslanish esa taʼlim jarayonini jahonning ilgʻor oliy taʼlim standartlariga muvofiqlashtirish borasida qoʻyilgan katta qadamdir. Oliy taʼlim tizimini keng darajada moliyalashtirishni tartibga solish bilan uning yangi talablar va muammolarga mos tarzda javob bera olishiga yoʻl ochiladi.

    Qabul qilingan qarorlarda kadrlar masalasiga ham keng oʻrin berilgan. Oliy taʼlim muassasalarini moliyalashtirish manbalarini yanada kengaytirish va mavjud mablagʻlardan samarali foydalanishga erishish bilan oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchi va xodimlariga motivatsiya berish tizimi faollashadi. Qarorning mehnatga haq toʻlash miqdori va samaradorlik mezonlariga asoslangan ragʻbatlantirish tartibini mustaqil belgilash kabi bandlari kadrlarning ilmiy potensial darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Xorijlik professor-oʻqituvchilar va talabalarni jalb qilinishi oliy taʼlim muassasasini kelgusida jahonning reyting agentliklari tomonidan eʼlon qilinadigan TOP-1000talik roʻyxatiga kiritish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarini mustahkamlaydi.

    Oliy taʼlim muassasasini bitirib chiqayotgan istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga yuborish kabi maqsadli harakatlar kelajakda oliy taʼlim muassasasi uchun salohiyatli kadrni tayyorlash imkonini beradi.

    Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalariga soliq imtiyozlarini tatbiq etilishi, ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qoʻllanilishi va bojxona bojidan ozod qilish boʻyicha berilayotgan imtiyozlar ularning moddiy texnik bazasini yanada boyitish va oliy taʼlim muassasalariga yana bir karra oʻzining reyting darajasini koʻtarish yoʻlida marketing sohasini rivojlantirishga turtki beradi.

    Shuningdek, qarorlarda oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi ikki qismdan iborat bosqichda isloh qilinishi koʻzda tutilgan. Birinchi bosqichda – 2022-yil 1-martgacha “Oʻquv jarayonini boshqarish” qismi joriy qilinib, davomat, oʻzlashtirish qaydnomasi va reyting daftarchasi, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari raqamlashtiriladi. Ikkinchi bosqichda esa 2022-yil 1-mayga qadar “Taʼlim sifatini nazorat qilish” qismi joriy etilishi maʼlum qilingan. 2022-yil yakunigacha barcha davlat OTMlarning oʻquv adabiyotlari toʻliq elektronlashtirilib, yagona “Elektron kutubxona” platformasi ishga tushiriladi. Bu talabalar uchun mustaqil taʼlim olish, oʻz ustida muntazam ishlash, maʼlumotlardan qulay usulda foydalanish imkoniyatini beradi.

    Yuqoridagi Prezident qarorlarida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida samarali ijro etilishi Yangi Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytingi va raqobatbardoshlik darajasini oshiradi.

    Sh.Y.Pulatov,

    TDTU Qoʻqon filiali direktori.