Mazkur hujjat oliy taʼlim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini taʼminlash asosida taʼlim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Hozirda OTMlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida “Muhandislik sohalarida kadrlarni tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 20-iyun kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bajarilmoqda.
Xususan, TDTU Olmaliq filialida muhandislik fanlaridan dars beradigan professor oʻqituvchilarni dars beradigan fanini xususiyatidan kelib chiqqan holda tegishli ishlab chiqarish korxonalarida qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil etish boʻyicha reja-grafik ishlab chiqildi.
Fan, taʼlim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini taʼminlash maqsadida Olmaliq shahridagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Hamkorlik doirasida 2024-yil avgust oyida 44 nafar professor-oʻqituvchilar OKMK AJda kasbiy koʻnikmalarini egallashga yoʻnaltirilgan stajirovkada boʻlishdi.
Shuningdek, TDTU Olmaliq filialida OKMK AJ Oʻquv markazi bilan hamkorlikda stajirovkani muvaffaqiyatli tamomlagan professor-oʻqituvchilarga sertifikatlar berildi.
Shuningdek, 2024/2025 oʻquv yilida OTM talabalarini dual tizimida oʻqitish, ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazish hamda tarkibiy boʻlinmalar hududlarida TDTU OF kafedralarini tantanali ravishda ochish maqsadida reja asosida chora-tadbirlar jadvalini tasdiqlash boʻyicha takliflar kiritildi.
Hamkorlik materiali