Yosh avlodni sogʻlom va bilimli etib tarbiyalash millatning ertangi kunini yaratish sari qoʻyilgan mustahkam poydevordir. Mana shunday ezgu maqsad yoʻlida bugun mamlakatimizda taʼlim tizimiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yangicha dunyoqarashni shakllantirish, oʻquv jarayoniga innovatsiyani jalb etish, xorij amaliyotini chuqur oʻrganish, soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash, ular mehnatini munosib ragʻbatlantirish, oliy taʼlim tizimi bilan mustahkam aloqa oʻrnatish dolzarb masalaga aylangan.
Markaziy Osiyodagi dastlabki tibbiyot oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan Samarqand davlat tibbiyot instituti bu borada oʻzining munosib oʻrni va mavqeiga ega. 90 yildan ortiq sharafli tarixga ega mazkur muassasa minglab shifokorlar, ilmiy xodimlar, fan fidoyilari, akademiklar, davlat va jamoat arboblarini tayyorlab bergan.
Koʻrsatkichlar dinamikasi faqat yuqorilamoqda
Samarqand davlat tibbiyot institutida soʻnggi yillarda bakalavriatura boʻyicha qoʻshimcha uchta yangi taʼlim yoʻnalishi, magistraturada oʻn bitta va klinik ordinatura boʻyicha toʻqqizta yangi mutaxassislik yoʻlga qoʻyildi.
Institutning tarkibiy tuzilmasi takomillashtirilib, ikkita yangi fakultet, yigirma bitta yangi kafedra tashkil qilindi. Talabalar qamrovi uch karra oshdi.
Dunyoning nufuzli mingtaligiga kiruvchi oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja olgan professor-oʻqituvchilar soni oʻn nafarga yetdi. Keyingi yillarda oltmish nafar xorijlik oʻqituvchi taʼlim jarayoniga jalb qilindi. Institutda chop etilayotgan darsliklar soni uch, oʻquv qoʻllanmalari soni besh barobar oshdi.
Institut akademik litseyi bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi 67 foizdan 80 foizga koʻtarildi. Samarqand davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino nomidagi Muborak, Xatirchi, Samarqand, Urgut, Ishtixon, Pastdargʻom jamoat salomatligi texnikumlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Xorijiy hamkorlikdagi ilmiy va taʼlim loyihalarida ishtirok etayotgan professor-oʻqituvchilar ulushi ikki barobar oshdi. Ushbu loyihalarda professor-oʻqituvchilarning ishtiroki yiliga 40-45 nafardan oshirib borilishi taʼminlanmoqda. Akademik almashuv dasturlarida talabalarning xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishi va yozgi maktablarda ishtiroki 70 foiz, xorijiy loyihalardagi ishtiroki 30 foiz koʻpaydi.
Xalqaro hamda qoʻshma taʼlim dasturlarini keng tatbiq etish maqsadida xalqaro taʼlim fakulteti tashkil etildi. Unda yettita nufuzli oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlikdagi qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha 350 nafar talaba tahsil olmoqda.
2017-2021-yillarda institutda xorijlik talabalar soni qariyb 20 barobar oshdi. Bugun 746 nafar xorijlik fuqaro muassasamizda tahsil olmoqda. Oʻz navbatida, institutdan ham xorijiy taʼlim muassasalariga yuzdan ortiq talaba oʻqishga yuborildi.
Ilmiy salohiyat — yuksalish mezoni
Oliy taʼlim muassasasi nufuzi mavjud professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati bilan belgilanadi. Bu borada sezilarli natijaga erishilganini taʼkidlash oʻrinli. Institutda ilmiy salohiyat 2016-yildagiga nisbatan 17,5 foiz oshib, 28,2 foizdan 45,7 foizga yetdi. Soʻnggi uch yilda 82 nafar professor-oʻqituvchi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Doktoranturaga qabul kvotasi oshirildi, muddatidagi himoya koʻrsatkichi 70 foiz oshdi.
Institut professor-oʻqituvchilari va ilmiy izlanuvchilariga yanada keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun barcha shart-sharoit mavjud. Bir nechta laboratoriya, eng zamonaviy jihozlangan multimedia va axborot-resurs markazlari, institutda chop qilinadigan, xalqaro impakt-faktorga ega yettita ilmiy jurnal tadqiqotchilarga xizmat qilmoqda.
Keyingi ikki yilda institutda yettita ixtisoslik boʻyicha ilmiy daraja beruvchi ikkita ilmiy kengash tashkil qilinib, ularda yigirmadan ortiq ilmiy pedagog kadr tayyorlandi. Ushbu kengashlar yettita ixtisoslik boʻyicha PhD va DSc ilmiy darajasini berish vakolatiga ega.
Scopus bazasida indeksatsiyalangan xalqaro ilmiy jurnallarda ikki yilda institut olimlari va izlanuvchilarining 243 ta maqolasi chop etilgan. Muassasada Xirsh indeksi 5 va undan yuqori boʻlgan 89 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat yurityapti. Institut olimlarining 21 ta ixtirosi Intellektual mulk agentligi tomonidan patentlangan.
Amaliyot jabhasida ham faol
Pandemiya davrida Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun 179 oʻrinli 1 ta maxsus shifoxona, 6 ta muassasada bemorlar uchun jami 2 729 kishilik zaxira oʻrin tashkil etildi. Shunday pallada ham mazkur muassasalarda institutimizning tajribali professor-oʻqituvchilari va xodimlari ham muntazam konsultatsiyalar oʻtkazdi.
Oʻzbekiston Prezidenti shu yil 15-16-aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida hududda sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish, tibbiy profilaktika ishlarini takomillashtirish, kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha topshiriq bergan edi. Institut jamoasi bu vazifaga ham masʼuliyat bilan yondashib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash ishlariga hissa qoʻshmoqda.
Viloyatda toʻshakka mixlanib qolgan 208 nafar bemor oʻz xonadonida tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shuningdek, yuqumli boʻlmagan kasalliklar va uning profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillarini kundalik hayotga tatbiq qilish, jismoniy faollik va uning ahamiyati boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari hamda davra suhbatlari tashkil etildi.
Tumanlar tibbiyot birlashmasida inst itut professor-oʻqituvchilari tomonidan 67 nafar bemor tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, davolash boʻyicha mutaxassislarga tegishli tavsiyalar berildi hamda 18 ta koʻrgazmali jarrohlik, akusher-ginekologik va otorinolaringologik operatsiya oʻtkazildi.
Viloyat hududida aniqlangan bemorlar guruhi toʻliq qamrab olinib, sogʻlomlashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilgandan soʻng kafedra professor-oʻqituvchilarining tumanlar boʻyicha rotatsiyasi amalga oshirilishi belgilandi. Ushbu rotatsiya tumandagi bemorlarning mutaxassislar koʻrigiga ehtiyojiga qarab amalga oshiriladi. Hozir mazkur yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Oʻqitishning zamonaviy shakllari tatbiq etilyapti
Institutimizda kredit-modul tizimi joriy etilgan. U hozir oliy taʼlimda yetakchi tendensiya sifatida namoyon boʻlmoqda. Ushbu tizimning yurtimiz oliy taʼlimiga tatbiq etilishi, shubhasiz, kadrlar tayyorlash va taʼlim sifatini oshirishga, shuningdek, oliy taʼlim tizimimizning jahon taʼlimiga integratsiyasiga yordam beradi. Yurtimizda oliy taʼlim sohasida qilinayotgan barcha islohotlar aynan shunga qaratilgan.
Bugungi kunda tibbiyot oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida birinchilardan boʻlib 5 kunlik oʻqish tizimiga oʻtilib, Samarqand davlat tibbiyot instituti tajribasi yaratildi. Bu yoʻlda birdamlik, hamjihatlik, aniq reja asosida harakatlanish natija berishi shubhasiz.
Institut mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari orasida birinchilar qatori xalqaro ISO sertifikatiga ega boʻldi. Bu taʼlim jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda davom etayotgani, xalqaro reytinglarga kirish imkoniyatimiz oshib borayotganidan dalolat boʻlib, institutimiz nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham oʻz maqomiga ega boʻlganini anglatadi.
Biz yaqin kelajakda institutimizni jahon reytingidagi yetakchi universitetlar mingtaligiga kirishini rejalashtirganmiz. Buning uchun institutda yetarli imkoniyat, ilmiy salohiyat va inson resurslari mavjud. Institut jamoasining butun potensiali mamlakatimizda tibbiyot sohasi uchun malakali hamda jahon talablariga mos malakali kadrlarni tayyorlash va tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga koʻmaklashishga toʻliq safarbar qilingan.