80 daqiqa davom etgan maʼruza avvalida talabalar bilan Davlat moliyaviy menejmenti: audit va muvofiqlik fanidan “Davlat moliya tizimida soliq nazorati va auditini oʻtkazish tartibi” mavzusida oddiy, savol-javob va amaliy bilimlar asosida dars oʻtilishi va ushbu mavzuni muhokama qilishga kelishib olindi.
Dars mashgʻulotida A.Toshqulov hayotiy kuzatuvlaridan kelib chiqib, soliq nazoratini amalga oshirish, unda soliq auditining ahamiyati haqida soʻzlab berdi. Bu jarayonda nazariy bilimning amaliyot bilan uygʻunligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, oʻzining iqtisodiyot sohasidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Mashgʻulot davomida, shuningdek, mamlakatimizdagi islohotlar, jumladan oliy taʼlim sohasida erishilgan yutuqlar borasida ham magistrlar bilimi sinovdan oʻtkazildi. Vazir talabalar bilan oʻrtoqlashar ekan, ularga kelajakda xalq manfaatlariga xizmat qiladigan yetuk kadr boʻlib yetishishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Samimiy va sermazmun ruhda oʻtgan dars jarayonida talabalar ham mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga bevosita vazirdan kerakli javoblarni bilib olishdi.