Oliygohda yangi loyiha, unda talabalar emas, oʻqituvchilarning oilalari qatnashadi

    Andijon davlat chet tillar institutida professor-oʻqituvchilar va xodimlarning ijtimoiy hayotiga alohida eʼtibor qaratish maqsadida institutda “Oila kuni“ tashkil etildi.

    Institutda ushbu kun munosabati bilan bir nechta tadbirlar oʻtkazilmoqda. Misol uchun, osh tayyorlash tanlovi – oilalar uchun ajoyib jamoaviy tadbir boʻlib, birdamlik, mehr-oqibat kabi qadriyatlarni rivojlantirishga koʻmaklashsa, “Quvnoq startlar“ sport musobaqasi oilaviy jismoniy faollik va sogʻlom turmush tarziga xizmat qiladi.

    “Zakovat quiz” intellektual oʻyinida oilalar bir jamoa sifatida intellektual bellashuvda ishtirok etib, bilim olish jarayonini yanada qiziqarli va mazmunli qilishlari mumkin. Art-terapiya mashgʻuloti esa, bolalar uchun ijodiy rivojlanish, hissiyotlarni ifodalash va stressdan xalos boʻlishning samarali usuli hisoblanadi.

    Shuningdek, ushbu kun munosabati bilan institutda Marhabo Karimova bilan 2Baxtli oila siri“ mavzusidagi seminar trening tashkil etildi.

    — Men uchun bugungi tadbir juda esda qolarli boʻldi. Yangi doʻstlar orttirdim. Oʻzimni har tomonlama sinab koʻrdim. Keyingi “Oila kuni“ni doʻstlarim bilan orziqib kutamiz va yanada faol qatnashamiz. Shunday loyiha uchun oliygoh rahbarlariga minnatdorlik bildiraman, — deydi xodimlardan birining farzandi.

    Umuman olganda, “Oila kuni“ orqali institut jamoasi oʻz oila aʼzolari bilan koʻproq vaqt oʻtkazishiga, ularning bir-biri bilan bogʻliqligini his qilishiga va jamiyatga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga erishmoqchi.

    Shuningdek, “Oila kuni“ni institutning anʼanaviy tadbirlaridan biriga aylantirish koʻzda tutilgan. Kelgusida oilaviy seminarlardan tortib, ijtimoiy loyihalargacha boʻlgan tadbirlarni joriy etish maqsad qilingan. Darvoqe, har bir oila yerga qadagan daraxt koʻchatlaridan “Oila bogʻi“ ham barpo boʻldi.


    Hamkorlik materiali