Oliygohlarning karyera markazlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha Turkiya bilan hamkorlik qilinadi

    Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari idorasi rahbari Salim Atay bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot davomida tomonlar Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Turkiya Inson resurslari idorasi oʻrtasida oliy taʼlim muassasalarining karyera markazlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalasi yuzasidan muzokara olib bordilar.

    Shuningdek, Salim Atay Inson resurslari idorasi tomonidan ishlab chiqilgan oliygohlar bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashga qaratilgan platforma xususida toʻxtalib, uning qulayliklari va ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

    Soʻng Turkiyaning Yunus Emre instituti faoliyati bilan tanishish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Қ.Шарипов mazkur institutga tashrif buyurdi.

    Yunus Emre institutining yangi tayinlangan rahbari Abdurahmon Aliy bilan ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Abdurahmon Aliy Yunus Emre instituti faoliyati hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzurida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Yunus Emre til va madaniyat markazi” hamda uning faoliyat yoʻnalishlari haqida maʼlumot berdi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati .