Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 4 milliard 894 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda

    Hukumat 29 Iyul 2021 3668

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Yoshlik-1” konini borib koʻrdi.

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ochiq va yerosti konlari, metallurgiya va sement zavodlari, keng qamrovli infratuzilma obyektlarini birlashtirgan ulkan sanoat majmuasidir. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi mazkur kombinat hissasiga toʻgʻri keladi. Oxirgi yillardagi eʼtibor natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi yana-da oshirilmoqda.

    “Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish investitsiya loyihasi shulardan biri. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq boshlangan ushbu loyihaning qiymati 4 milliard 894 million dollar.

    Davlatimiz rahbariga konning salohiyati, uni oʻzlashtirish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Hududi 11 ming gektar boʻlgan mazkur kondan yiliga 65 million tonna maʼdan qazib olinadi. 60 million tonna mis-molibden rudasini qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasi quriladi. Shuningdek, ohak zavodi, 650 megavattli elektr tarmogʻi va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etiladi.

    Loyiha doirasida oʻtgan 4 yilda zamonaviy geologik tadqiqotlar, konda 83 million kub metrdan ortiq hajmdagi qazish ishlari bajarilgan. Buning uchun umumiy qiymati 415 million dollar boʻlgan 570 dan ziyod maxsus texnikalar jalb etilgan.

    Ushbu ulkan loyiha 2024-yilda ishga tushirilishi, jami 6 mingta ish oʻrni tashkil etilishi rejalashtirilgan.