Olmaliq shahridagi MISiS filialida kirish imtihonlari boshlandi

    Ta'lim 27 Iyul 2021 2600

    Joriy yilning 26-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-maydagi PQ-3714-sonli “Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi «Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida» gi qaroriga asosan tashkil etilgan Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filialiga kirish imtihonlari boshlandi.

    “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli “AKMK” sport majmuasining stadionida oʻtkazilayotgan imtihonlar 26-30-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Milliy texnologik tadqiqotlar universitetining Olmaliq filialiga 1276 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

    Qayd etilishicha, imtihonlar “Matematika”, “Fizika” va “Rus tili” fanlaridan yozma ravishda oʻtkazilmoqda. Jarayon shaffof va obyektiv oʻtishini taʼminlash maqsadida filialning professor-oʻqituvchilari, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning vakillaridan xamda OAV vakillaridan iborat kuzatuvchilar tomonidan nazorat qilinmoqda.

    Imtihondan avval “AKMK” stadionining kirish joylariga videokuzatuv uskunalari, yoritish moslamalari oʻrnatilgan.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilda Oʻzbekistonda test sinovlari stadionlar va xiyobonlarda oʻtkazilishi tasdiqlangan.

    Shuni taʼkidlash joizki, Filialga 2021-2022 oʻquv yiliga kunduzgi taʼlim shakliga 200 nafar va sirtqi taʼlim shakliga 150 nafar talaba qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat taʼlim kvotalarini belgilash komissiyasi tomonidan belgilangan va kunduzgi taʼlim shaklidagi talabalarning 40 foizi davlat granti asosida taʼlim olishadi.

    Hozirgi kunda filialda 500 nafar talaba “Konchilik ishi”, “Metallurgiya” va «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar boʻyicha)” yoʻnalishlarida tahsil olmoqda.