Olmaliqda “Ayol va raqamli iqtisodiyot” mavzusida seminar tashkil etildi

    Ijtimoiy hayot 15 Sentabr 2020 6990

    2020-yilning 15-sentyabr kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan hamkorlar bilan birgalikda tadbirkor xotin-qizlar uchun “Ayol va raqamli iqtisodiyot” mavzusida seminar tashkil etildi.

    Unda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi vakillari hamda Olmaliq shahri va Piskent tumanida faoliyat yuritayotgan 80 nafar ishbilarmon xotin-qizlar ishtirok etdi.

    Videokonferentsiya tarzida o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi va Internet tarmog‘ining inson faoliyatining barcha sohalariga kirib borishi natijasida mehnat bozori va biznesda tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bunday sharoitda jamiyatning barcha a’zolari uchun hayotda o‘z o‘rnini topish, moliyaviy mustaqillikka erishish va mustahkam oyoqqa turish masalasi yangi texnologiyalarni o‘rganish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qoldi.

    Bunda ayniqsa xotin-qizlarning bilim va xabardorlik darajasini oshirish dolzarb vazifaga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan amalga oshirilayotgan elektron tijoratni rivojlantirish, O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish va AKT sohasida xalqaro mintaqaviy hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha Toshkent viloyati ayol tadbirkorlari uchun ekspertlar ishtirokidagi o‘quv tadbirlari ham shu maqsadga qaratilgan.

    Seminarning amaliy qismida O‘zbekiston Respublikasida mavjud elektron savdo mexanizmlarining faoliyat tamoyillari, ulardan foydalanish imkoniyatlari batafsil ko‘rib chiqildi.

    Ishtirokchilar bir oy davomida mavzu bo‘yicha yetakchi ekspertlar tomonidan o‘qitilib, loyiha yakunida ularga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Shuningdek ularning barchasi loyiha doirasida ishbilarmonlar uchun ishlab chiqilgan mobil ilovaga ulanish imkoniga ega bo‘ldilar. Ushbu ilova orqali tadbirkorlar barcha savollariga javob olishlari, izlagan hamkorlari bilan aloqaga chiqishlari mumkin bo‘ladi.

    Loyiha doirasida eng yaxshi biznes-rejalar taqdim etgan ishtirokchilarga ularni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

    O'zbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati