Olmaliqda yangi dala o'quv maydoni ochildi

    Unda o'quv nuqtalaridan iborat yangi obyektlar foydalanishga topshirildi.

    Mudofaa vazirligining Olmaliq shahrida joylashgan harbiy qismi uchun zamon talablari asosida jihozlangan va yangidan qurib bitkazilgan dala o'quv maydoni foydalanishga topshirildi. Bu haqida Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

    Ochilish marosimida harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. So'z olganlar so'nggi yillarda harbiy qismlarning infratuzilmasini yanada takomillashtirish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini ta'minlash va ularga yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar kundan-kunga ortayotganligiga alohida to'xtalib o'tishdi.

    Yangi dala o'quv maydonida iqlim va joy sharoitlarini o'zida mujassamlashtirgan taktik shaharcha, amaliy o'q otish maydonchasi, dala oshxonasi, simli to'siqdan o'tish yo'lagi, dushman bilan yaqin masofada qo'l jangi usullaridan foydalanish va pichoq bilan hujum qilish kabi o'quv nuqtalaridan iborat yangi obyektlar foydalanishga topshirildi.