Olmazor tumanida senatorlar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 7 Oktabr 2021 610

    Shu kunlarda Oliy Majlis Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisida maʼqullangan qonunlar va koʻrib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish, Senat tegishli qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini oʻrganish hamda fuqarolar murojaatlari bilan joyida ishlash maqsadida senatorlar hududlarda xizmat safari bilan boʻlib turibdi.

    Xususan, 6-oktyabrda poytaxtimizning Olmazor tumani 1-sektor binosida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N. Umarov ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Ishtirokchilarga Oliy Majlis Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisida maʼqullangan qonunlar, shu jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar mazmun-mohiyati tushuntirildi.

    Yigʻilish doirasida “mahallabay” ishlash tizimini takomillashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikni kamaytirish toʻgʻrisidagi masalalar ham muhokama qilindi.

    Soʻzga chiqqanlar qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar xalqimiz manfaatlari uchun xizmat qilishini qayd etdi. Joylarda ularning ijrosini taʼminlashga eʼtibor qaratib, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish zarurligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.