Olmazor tumanidagi universitetlar uchun texnopark loyihasi taqdim etildi

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Olimjon Umarov hamda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oliy taʼlim muassasalari rektorlari va prorektorlari bilan “Innovatsion texnopark faoliyatini samarali tashkil etish” masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdilar.

    Yigʻilishda Bosh vazirning maslahatchisi Olimjon Umarov zamonaviy shart-sharoitlarga ega innovatsion texnopark faoliyatini samarali tashkil etilishi Toshkent davlat texnika universiteti, Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Turin politexnika universitetidagi jami 36 ming talaba, 2 mingdan ziyod professor-oʻqituvchilar uchun hamda soha rivoji uchun muhim rol tutishini taʼkidlab oʻtdi.

    Shundan soʻng, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov innovatsion texnoparklar ilm-fan natijalarini ishlab chiqarishga joriy etilishidagi birinchi qadam ekanini taʼkidladi.

    – Texnoparkda ishlanmalarni tijoratlashtirishga moʻljallangan ustaxonalar tashkil etilishi lozim, – dedi vazir. – Yangi loyihalarni yaratish, ularni amalga oshirishda talabalarimiz va ularning ustozlariga tayanishimiz orqali taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga erishamiz.

    Yigʻilishda Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev Toshkent davlat texnika universiteti hududidagi zamonaviy innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish kompleksining taqdimotini oʻtkazdi. Vazir oʻrinbosari mazkur innovatsion texnopark xorijiy ilgʻor davlatlar tajribalarini oʻrganish asosida ishlab chiqilayotganini, bu talaba yoshlar uchun katta imkoniyatlar berishini taʼkidladi. Shuningdek, ushbu innovatsion infratuzilmada 500 ta startap korxonalar hamda 120 ta ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish mumkinligini eʼtirof etdi.

    Bosh vazirning maslahatchisi O.Umarov innovatsion texnoparkni samarali tashkil etish boʻyicha Ishchi guruh tuzishni taklif qildi.

    Yigʻilishda Oliy taʼlim muassasalari rektor va prorektorlari soʻzga chiqib, oʻz takliflarini bildirdilar. Jumladan, Toshkent davlat texnika universiteti rektori S.Turobjonov, ushbu innovatsion texnopark talabalar va oʻqituvchilar uchun katta imkoniyat boʻlib, yangi loyihalarni amalga oshirishda ham yaxshi imkoniyatlar berishini eʼtirof etdi. Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori J.Inoyatxojayev, mazkur texnoparkda xorijdan va hududlardan keluvchilar uchun kichik mehmonxona (GuestHouse) qurish taklifini bildirdi.

    Toshkent davlat texnika universiteti kafedra mudiri I.Rahmonov, mazkur texnoparkda elektronika yoʻnalishi boʻyicha zaruriy jihozlar boʻlishi sohadagi ishlar va loyihalar samaradorligini oshirishga hissa qoʻshishini taʼkidladi.