Xizmatlar koʻlami kengayishi, sifati oshirilishi davom etadi

    Mamlakatimizda 10 Avgust 2022 1099

    “Ochiq adliya” dasturi doirasida Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan 2022-yil 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

    Matbuot anjumaniga barcha bosma va elektron OAV vakillari, jurnalist, bloger, veb-sayt xodimlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va viloyatdagi boshqarma, tashkilot va muassasalarning axborot xizmatlari rahbarlari qatnashdi.

    Anjuman avvalida OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari bilan birgalikda Fargʻona tumaniga press-tur uyushtirildi. Gap shundaki, ayni kunlarda FHDYO, davlat xizmatlari markazi, adliya boʻlimi hamda yuridik markazlar fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida bir binoda joylashtirilyapti. Fargʻona tuman “adliya uyi”da fuqarolarga yaratilgan imkoniyatlar va sharoitlar haqida jamoatchilik vakillariga tushuntirishlar berildi.

    Toʻliq qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilgan viloyat adliya boshqarmasi binosida press-tur davom etdi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar binoda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

    Tadbirda taʼkidlanishicha, Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi va uning boʻlimlariga hisobot davrida dami 8 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ularning 5 ming 537 tasi yaʼni 65 foizdan ortigʻi qanoatlantirilgan.

    Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish, inson huquqlarini himoya qilish, davlat xizmatlarini koʻrsatish va boshqa sohalarda nazorat tadbirlari va monitoringlar tashkil etildi. Natijada 32 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida 3 ming 289 ta taqdimnoma kiritilib, buning natijasida jami 4 ming 840 ta hujjatlari bekor qilingan. 1 ming 229 nafar shaxslarning intizomiy javobgarlik masalasi hal etildi. Shundan 11 nafar mansabdor shaxslar egallab turgan lavozimidan ozod etildi hamda jismoniy va yuridik shaxslarni manfaatida sudlarga 975 ta daʼvo arizalar kiritildi. Quvonarli jihati shundaki, koʻrilgan huquqiy taʼsir choralar natijasida 19 milliard 79 million soʻm miqdordagi pul mablagʻlari oʻz egalariga qaytarilishi taʼminlandi.

    6 oylik yakunlarga bagʻishlangan matbuot anjumanida ana shu masalalarga alohida urgʻu berildi hamda “Adliya organlari tizimidagi maʼmuriy islohotlar, istiqbol va samara” mavzusida tizimdagi yangiliklar haqida keng jamoatchilik vakillariga toʻliq maʼlumotlar berildi.

    Matbuot anjumanida Adliya vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi ishtirok etdi.

    Anjuman davomida OAV vakillari oʻzlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha yetakchi maslahatchisi.