“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni eʼlon qilindi

    Oʻzbekiston jurnalistlari uyushmasi tomonidan har yili anʼanaviy oʻtkaziladigan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni eʼlon qilindi.

    Tanlovda har bir ishtirokchining 2023-yil 31-martdan 2024-yil 31-martgacha bosma va internet nashrlarida eʼlon qilingan, radio va televideniyeda efirga uzatilgan 5 tadan 7 tagacha materiallari koʻrib chiqiladi.

    Tanlov quyidagi nominatsiyalar boʻyicha oʻtkaziladi:

    Televideniye yoʻnalishi boʻyicha (1-, 2-, 3-oʻrinlar);

    Radio yoʻnalishi boʻyicha (1-,2-,3-oʻrinlar);

    Bosma nashrlar yoʻnalishi boʻyicha (1-, 2-, 3-oʻrinlar);

    Internet nashrlari yoʻnalishi boʻyicha (1-, 2-, 3-oʻrinlar);

    Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun – 1 ta birinchi oʻrin, 4 ta ikkinchi oʻrin (TV, radio, bosma va internet nashrlari yoʻnalishlari boʻyicha);

    12 ta ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha oʻtkaziladi.

    Agar ijodiy jamoa – gazeta tahririyati tanlovda qatnashadigan boʻlsa, gazetaning 5 tadan 7 tagacha sonini, tele yoki radiokanal jamoasi tanlovda ishtirok etadigan boʻlsa, 5 tadan 7 tagacha eng yaxshi koʻrsatuv yoki eng yaxshi eshittirishning elektron varianti (yoxud havolasi) ilova qilinadi.

    Tanlovga ijodiy ishlar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy boʻlimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari orqali, shuningdek, mualliflardan toʻgʻridan-toʻgʻri elektron shaklda tanlov matbuotda eʼlon qilingan kundan boshlab joriy yilning 5-apreliga qadar qabul qilinadi.

    Tanlov gʻolib va sovrindorlariga:

    Tanlov Bosh milliy mukofoti sohibiga maxsus diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va yengil avtomobil tantanali ravishda topshiriladi.

    Birinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;

    Ikkinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 175 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;

    Uchinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 150 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;

    Tanlovning ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalari gʻoliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 100 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.