Oltinsoyda “Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi” tashkil etilmoqda

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki qoshida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida “Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi” tashkil etilmoqda.


    “Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi” yoshlarning innovatsion gʻoyalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Mazkur ishlab chiqarish zonasi uchun hozir Oltinsoy tumani “Ipok” mahallasida joylashgan hokimlik zaxirasidagi 1,2 gektar yer maydoni ajratildi. Mazkur hududda innovatsion mahsulotga ega boʻlgan yosh tadbirkorlar uchun alohida hudud tashkil qilinadi. Shuningdek, “Yashnobod” innovatsion texnoparkining “Biznes inkubatori” — innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.

    Hududda internetdan foydalanish borasidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan Oltinsoy tumani markazini Wi-Fi Hotspot dasturi asosida bepul internet bilan taʼminlash yuzasidan zarur infratuzilmalar yaratish koʻzda tutilmoqda.

    Oltinsoy tumani “Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi”da bir necha turdagi innovatsion mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Xususan, “Bazalt minerali asosida yuqori darajada toʻldirilgan yuqori haroratga chidamli va mexanik mustahkam kompaundlarni ishlab chiqarish”, “Neft-gaz sanoati korxonalari chiqindi oltingugurti asosida modifikatsiyalashgan oltingugurtli beton mahsulotlarini ishlab chiqarish”, “Neft-gaz sanoati chiqindisi boʻlgan oltingugurt asosida avtomobil yoʻllari yoʻl chiziqlari uchun polisulfid polimer boʻyoqlar ishlab chiqarish”, “Mahalliy xomashyolar asosida suv va mineral resurslarni tejovchi, yuqori boʻkuvchan va bioparchalanuvchi gidrogellar ishlab chiqarish”, “Viloyatda chorvachilikda yetishtiriladigan dagʻal junlarni kimyoviy va mexanik qayta ishlash orqali toʻqimachilik sanoati uchun sifatli mayin ip ishlab chiqarish” kabi loyihalar amalga oshiriladi.

    Umuman olganda, ilm-fan, biznes va ishlab chiqarishning oʻzaro uygʻunlashuvi natijasida Oltinsoy tumani hududida gʻoyalar tayyor tijoriy mahsulotga aylantiriladi. Bu, oʻz navbatida, tuman atrofidagi hududlarning ham innovatsion rivojlanishiga xizmat qiladi.