Oltita davlat o'rtasida Ishbilarmonlik Kengashi tuzildi

    Xalqaro hamkorlik 29 Iyun 2020 1126

    Savdo-sanoat palatasida videokonferentsaloqa shaklida xalqaro onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi.

    Unda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston Savdo-sanoat palatalari hamda Koreya xalqaro savdo uyushmasi vakillari o'rtasida “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” Ishbilarmonlik kengashini tashkil etish bo'yicha o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Kengashni tuzish masalasi 2019 yilda Qozog'istonning Nur-Sulton shahrida o'tkazilgan XII Markaziy Osiyo Hamkorlik Forumida muhokama qilingan edi. O'zbekiston tashabbusi va sa'y-harakati bilan bugun mazkur kelishuv rasmiy hamkorlikka aylandi.

    Onlayn marosimni Koreya xalqaro savdo uyushmasi raisi Kim YOngju ochib berdi. SHundan so'ng uchrashuvda tomonlar Koreya Respublikasi va O'zbekiston, shuningdek, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston o'rtasidagi amaliy va uzoq muddatli o'zaro hamkorlik choralari, iqtisodiy rivojlanish sohasiga Koreyaning ilg'or tajribasini jalb qilish, yangi qo'shma korxonalarni rivojlantirishga hissa qo'shish masalalarini muhokama qildi.

    Konferentsiyada “B2B” muzokaralari va kooperatsion birjalarni tashkil qilish masalasi ham ko'rib chiqildi. Marosim so'ngida tomonlar har yili “Koreya — Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo” Ishbilarmonlik kengashi yig'ilishlarini o'tkazishga kelishib oldi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri