“OLX” da yolgʻon eʼlon joylab fuqarolarni chuv tushirgan firibgar ushlandi

    Fargʻona viloyatida yashovchi fuqaro A.Sh. oʻzining bank kartasidan 700.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilgani boʻyicha IIOga murojaat qilgan.

    Bu haqda Ichki ishlar vazirligi TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Murojaatga asosan tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Fargʻona viloyatida yashovchi muqaddam JKning 168-moddasi 3-qismi bilan sudlangan X.S. sodir etganligi aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, X.S. “OLX” platformasida “Aser" rusumli noutbuk arzon narxda sotiladi deya yolgʻon eʼlon joylashtirgan va bu eʼlonga ishongan jabrlanuvchi A.Sh. bilan telefon orqali gaplashib, 4 mln. soʻmga oʻzaro kelishib, uning ishonchiga kirish orqali mazkur noutbuk uchun oldindan 700.000 soʻm miqdoridagi pullarni "avans” tariqasida oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank kartasiga oʻtkazib olgan va yozishmalarni oʻchirib yuborib, uning qoʻngʻiroqlariga javob bermay, qora roʻyxatga kirgizib qoʻygan.

    Hozirda holat yuzasidan X.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b,g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.