“Olx.uz” saytidagi eʼlonga ishonib, dala hovli ijarasi uchun toʻlov qilgan fuqaro aldanib qoldi

    U "dacha Chimgan” degan eʼlon boʻyicha nomaʼlum shaxs bilan telegram messenjeri orqali gaplashib, dala hovli ijarasi uchun oldindan 700 000 soʻm toʻlov qilgan.

    Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R.A. ariza bilan murojaat qilib, “Olx.uz” saytida kunlik “dacha Chimgan” degan eʼlon boʻyicha nomaʼlum shaxs bilan telegram messenjeri orqali gaplashib, hovlini ijaraga olish maqsadida oldindan toʻlov sifatida unga 700.000 soʻm pul oʻtkazib berganligini, koʻrsatilgan manzilga borganida nomaʼlum shaxs u bilan aloqani uzib, telefon raqamlarini bloklab qoʻyganini maʼlum qilib, pullari qaytarilishida amaliy yordam soʻragan.

    Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, firibgarlik qilib pullarni oʻzlashtirgan shaxs Toshkent shahar, Yashnobod tumanida yashovchi 1999-y.t., D.F. ekanligi aniqlangan.

    D.F. firibgarlik yoʻli bilan boshqa bir nechta fuqarolarni ham aldab, pullarni oʻzlashtirganligi va shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi maʼlum boʻldi. D.F. ga nisbatan Oʻz. Res. JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan.