Joriy yilning 28 aprel` kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Feruza eshmatova Evropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi SHarlott Adrianni qabul qildi.
Xabaringiz bor 2021 yilning 23 aprel` kuni O'zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilardan, jumladan, Evropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi SHarlott Adriandan ishonch yorliqlarini qabul qilib olgan edi.
Davlatimiz rahbari o'z nutqida Evropa Ittifoqi an'anaviy ravishda mamlakatimizning muhim strategik sherigi bo'lib harakat qilayotgani hamda keyingi yillarda O'zbekiston va EI o'rtasidagi teng huquqlilik, o'zaro hurmat va ishonchga asoslangan ko'p qirrali hamkorlik yangi sur'at kasb etishini ta'kidlagan.
Ombudsman hamda Evropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisining o'zaro uchrashuvidan ko'zlangan maqsad – yaqindan tanishuv hamda halqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida istiqboldagi loyihalar xususida muloqot qilishdan iborat.
Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) mehmonni mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samarasi, Vakil institutining qonunchilik bazasi takomillashtirilgani va vakolatlari kengaytirilgani hamda qiynoqlarni oldini olish bo'yicha Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalar, jumladan, Milliy preventiv mexanizm doirasida yopiq muassasalarga uyushtirilgan monitoring tashriflari haqida to'xtalib o'tdi.
SHarlott Adrian, Evropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi:
Bugungi qabul uchun O'zbekiston Ombudsmaniga minnatdorchilik bildiraman. Fikrimcha, O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha Kengashga a'zoligi doirasida 2021-2022 yillarda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlarni ro'yobga chiqarishda o'zaro hamkorligimiz juda muhim. Sababi, hozirda tayyorlanayotgan Evropa Ittifoqining chora-tadbirlar rejasida qiynoqlarning oldini olish bo'yicha Milliy preventiv mexanizmga alohida urg'u berilmoqda. O'zbekistonda ushbu mexanizm aynan Vakil huzurida tashkil etilgan va ushbu institut mamlakatdagi demokratik islohotlarning ustuni hisoblanadi.
O'ylaymanki, mamlakatingizda aynan Prezident tomonidan Ombudsman faoliyatiga katta e'tibor qaratilayotgani, ushbu institutning inson huquqlari sohasida juda katta marralarga erishishiga yordam bermoqda. Biz Evropa Ittifoqi tomonidan bu ishga to'liq ko'mak berishga tayyormiz.
Samimiy suhbat ruhida o'tgan uchrashuvda elchi SHarlott Adriann Ombudsman intitutini jamoatchilik vakillari bilan qay tarzda hamkorlik qilayotganiga qiziqdi. Ombudsmanning so'zlariga ko'ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili huzuridagi komissiya a'zolari tarkibida aynan uzoq yillardan buyon inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha ishlayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o'rin olgan. Qolaversa MPM doirasida o'tkazilayotgan monitoring tashriflariga jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlik guruhi a'zolari va albatta OAV jalb etiladi.
Ochiq va do'stona ruhda o'tgan uchrashuvda elchi SHarlott Adrian bugungi qabul uchun Ombudsmanga minnatdorlik bildirdi va hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga umid bildirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha
vakili (Ombudsman) matbuot xizmati