Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi. Suhbat davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida qiynoqlar masalasiga alohida eʼtibor qaratganligi, Ombudsman instituti zimmasiga mamlakatimizda qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga qarshi kurash, bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, inson huquq va manfaatlarini kafolatlash boʻyicha qator vazifalarni yuklash bilan birga uning vakolatlarini kengaytirish masalasi ham ilgari surilgani qayd etildi.

Taʼkidlanishicha, 2021-yildan Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari hamda OAV ishtirokida oʻtkaziladigan monitoring tashriflari tizimli yoʻlga qoʻyildi hamda bu borada Parlamentga muntazam tarzda maʼlumotnoma kiritib borilmoqda. Shuningdek, Vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarning hududlar kesimidagi tahlili asosida Ombudsman, parlament aʼzolari, qolaversa, ijro organlari vakillari bilan birgalikda sayyor qabullar tashkil etish hamda muammolarni joyida hal etish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda Ombudsman Feruza Eshmatova aholining murojaatlari bilan ishlashda natijadorlikka, har bir murojaat yechimi topilishiga asosiy eʼtibor qaratilishini alohida qayd etdi.

Deniyel Rozenblyum — AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi:

— Bugungi uchrashuv men uchun juda foydali boʻldi. Inson huquqlari boʻyicha vakildan Ombudsmanning ustuvor vazifalari haqida koʻp maʼlumotlar oldim. Ombudsman koʻp ishlar amalga oshirmoqda va u inson huquqlarini taʼminlashda tobora muhim rol oʻynamoqda. Jumladan, ular jazoni ijro etish muassalariga monitoring tashriflarini amalga oshirib, mahkumlar huquqlarining taʼminlanishi holatini oʻrganmoqda. Bularning bari xalqaro normalar asosida amalga oshirilmoqda. Bu ishlar davom etmogʻi lozim. Shuningdek, Ombudsmanning fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorligi doimiy boʻlishi lozim. Chunki bunday tashkilotlar xalq bilan doimiy muloqotda boʻlib, ularning muammolari va shikoyatlarini oʻrganadi. Yana shuni aytmoqchimanki, bu demokratiya masalalari, xalqaro inson huquqlariga rioya qilish jarayonlari birdan hal etiladigan masala emas. Bu doimiy davom etuvchi jarayondir. Hamma davlatlarda, jumladan, AQSHda ham shunday. Biz AQSHda ham bu jarayonni yakunlamaganmiz va bundan keyin ham davom etadi bu jarayon. Biz esa takomillashtirib bormoqdamiz. Eng muhimi, fuqarolarning muammolariga, shikoyatlariga doim quloq tutmoq lozim. Ularga yechim topish esa eng muhim masaladir.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzoligi doirasida 2021-2022-yillarda birgalikda amalga oshirilishi nazarda tutilgan rejalar va tadbirlar muhokama etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili

(ombudsman) matbuot xizmati