Oʻzaro muloqot davomida Finlyandiya elchisi Ombudsman instituti vazifalari va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hamda Vakilning 2021-yilgi faoliyati bilan tanishtirildi.
Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlarning tatbiq etilishi, qiynoqlarni oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, soʻz erkinligini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Ilkka Ryaysyanen, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Bu mening Oʻzbekistonga birinchi tashrifim. Qayd etishim lozimki, biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi islohotlar, xususan, ochiqlik siyosatini qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu albatta xalqaro hamjamiyat, jumladan Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun yanada yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Finlyandiya Oʻzbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor.
Ombudsman ofisidagi uchrashuvimiz ham gʻoyat natijador oʻtdi. Oʻylaymanki, kelajakda inson huquqlari sohasida yaqindan hamkorlik qilamiz. Kelajakdagi hamkorligimizni kutib qolamiz”.
Uchrashuv soʻngida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar berildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.