2020-yilning 17-dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ga Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro O.T. turmush oʻrtogʻining ish bilan bogʻliq holatda vafot etgani uchun kompensatsiya undirilishini soʻrab murojaat qildi. Murojaatni oʻrganish davomida aniqlanishicha, Xalq bankining sobiq kassiri, marhuma M.T. 1989-yilda tugʻilgan boʻlib, uning 2 nafar voyaga yetmagan farzanlari boʻlgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish hamda karantin munosabati bilan sayyor kassa xizmatini koʻrsatish maqsadida AT Xalq banki Jizzax viloyati filialining 2020-yilning 21-avgust kungi buyrugʻi bilan marhuma M.T. hamda 20 dan ortiq xodimlar 22-23-avgust kunlari ishga jalb qilingan. 22-avgust, yaʼni shanba kuni esa sobiq bank xodimasi ishga ketayotgan vaqtida avtohalokat tufayli voqea joyida vafot etgan.

Bir necha oydan soʻng, marhumaning turmush oʻrtogʻi Jizzax viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga rafiqasining ish vaqtida bevaqt vafot etganligi sababli ish beruvchi tomonidan toʻlanadigan bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdorining undirilishini soʻrab murojaat qilgan. Lekin, “Xalq sugʻurta” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi sugʻurta kompaniyasi bir necha marotaba xodimning ishga kelayotgan vaqti ish vaqti hisoblanmasligi vaji bilan sugʻurta qoplamasini toʻlab berishdan bosh tortgan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklarga chalinishi yoki salomatliklikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni toʻlash Qoidalari”da “Ish beruvchi ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sogʻligiga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar boʻladi” deb belgilangan.

Shundan soʻng, Ombudsman sodir boʻlgan mazkur baxtsiz hodisaga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy baho berish va kompensatsiya undirilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qildi.

Murojaat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan oʻrganilib, sodir boʻlgan baxtsiz hodisa mehnat vazifasini bajarish bilan bogʻliq deb topildi hamda fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

Vanihoyat, sudning hal qiluv qaroriga koʻra, marhumaning turmush oʻrtogʻi O.T. foydasiga “Xalq banki” Jizzax filialidan sal kam 218 mln soʻm bir yoʻla toʻlanishi lozim boʻlgan nafaqa hamda 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun ular 16 yoshga toʻlgunlarigacha har oyda 756 ming soʻmdan zarar undirilishi belgilandi. Agarda bolalar kunduzgi oʻqishni davom ettirsalar, har oylik summa, ular 18 yoshga kirgunlariga qadar undiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha

vakili (Ombudsman) matbuot xizmati