Suhbat davomida Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan yurtimizda olib borilayotgan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bogʻliq islohotlar hamda erishilgan yutuqlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida qiynoqlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilganligi, Ombudsman instituti zimmasiga mamlakatimizda qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashish, bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, inson huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash boʻyicha qator vazifalarni yuklash bilan birga uning vakolatlarini kengaytirish masalasini ham ilgari soʻrayotgani Vakil tomonidan qayd etildi.
K.Adenauer nomli jamgʻarmaning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo boʻlganligini va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev ushbu Kengashning 46-sessiyasida qilgan maʼruzasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori darajada baholanganini taʼkidladi.
Shuningdek, suhbat davomida R.Xayne 2021-yilga moʻljallangan davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joylarda oʻquv seminarlarini tashkil etishda hamda Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi faoliyati samaradorligini oshirishda doimo hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar qilishicha, konstruktiv va doʻstona ruhda boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar yangi loyihalar xususida fikr almashishdi.