Ushbu murojaat sinchiklab oʻrganilib, fuqaroga huquqiy tomondan amaliy yordam koʻrsatilishi uchun ariza Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakiliga yuborildi.
Mintaqaviy vakil mazkur nizoli masala yuzasidan joriy yilning 13-aprel kuni Maʼmuriy ishlar boʻyicha Toshkent shaxar tumanlararo sudining barcha sud majlislarida ishtirok etdi.
Aniqlanishicha, nizoli xonadonning umumiy yer maydoni 26m2 ni tashkil qilib, shundan 17m2 1991-yilda murojaatchining otasi nomiga egalik huquqi asosida rasmiylashtirilgan. 9m2 yer maydoni esa oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer maydoni boʻlgan. Sudga daʼvo ariza kiritgan qarshi tomon A.K. aslida mazkur xonadonga ijarachi sifatida joylashgan. Keyinchalik noqonuniy yoʻllar bilan oʻz nomini roʻyxatga ham qoʻydirib olgan. Qolgan 9m2 yer maydonining bir qismiga oʻzboshimchalik bilan qurilmalar qurgan va 1991-yilda ularga nisbatan hokim qarorini ham chiqarib olgan. Lekin qarshi daʼvogar taraf aslida Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qilgan.
Ombudsmanga murojaat qilgan fuqaro boʻsh turgan 9m2 yer maydonini otasi nomiga rasmiylashtirish boʻyicha hokimga murojaat qilganidan xabar topgan qarshi tomon A.K. sudga murojaatchining uyini buzdirib tashlash va unga egalik huquqini berilishini soʻragan.
Anchagina chigal masala...
Toshkent shahridagi Mintaqaviy vakilning sudda ishtiroki, ish boʻyicha baʼzi muhim jixatlarni ochiqlanishiga va bundan sud xabardorligini oshirishga yordam berdi.
Nizoli ish boʻyicha olib borilgan oʻrganish ishlari natijasida
- 1986-yilda A.K. tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar buzilishi haqida Xalq Deputatlari S.Raximov tumani Kengashi qarori qabul qilingani, biroq qaror ijrosi taʼminlanmasdan qolganligi,
- 1991-yilda haqiqatdan ham S.Raximov tumani hokimligi tomonidan 2 ta bir xil qaror qabul qilinganligi, biroq murojaatchining otasi nomiga umrbod egaliq qilish huquqi asosida, qarshi tomon A.K. nomiga esa foydalanish huquqi asosida yer maydoni berish haqida qarorlar qabul qilinganligi
- A.K.ga yer maydoni vaqtinchalik foydalanish huquqi asosida berilishi haqida qaror qabul qilinganligi bois, Olmazor tumani hokimligi tomonidan ushbu foydalanuvdagi xudud murojaatchining otasi nomiga egalik huquqi asosida rasmiylashtirilganligi;
- A.K. soliq toʻlovlarini umuman toʻlamasdan kelganligini aniqladi.
Sud taraflar vajlarini, prokurorning daʼvo arizasini rad qilish haqidagi fikrini va yuqorida koʻrsatib oʻtilgan asoslarni inobatga olgan holda A.K.ning daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qildi.