Ular hududlar kesimida fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tiklashda Vakilga koʻmaklashadilar.
Oʻz navbatida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga aniqlashtirilishi lozim boʻlgan holatlar yuzasidan tekshiruv oʻtkazishda koʻmaklashishni soʻrab murojaat qilish, shuningdek ulardan hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish huquqiga ega.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmatining maʼlumotiga koʻra, Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Xamro Bektemirov jamoatchilik asosida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni joyiga borib oʻrganish va hal etish bilan birga mahallalarda uchrashuvlar tashkil etib, Ombudsmanning inson huquqlarini tiklashdagi huquq va vakolatlari haqida aholining huquqiy savodxonligini oshirmoqda. Muhimi, ushbu jarayonda baʼzi qonun buzilish holatlari ham aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha ishlanmoqda.
Jumladan, Xorazm viloyatining chekka hududlaridan hisoblangan Tuproqqalʼa tumani faollari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda “Xazorasp” mahallasida yashovchi 5 nafar fuqaro hamda 7 nafar bolaning shaxsini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari yoʻqligi maʼlum boʻldi. Ahamiyatlisi, hech qanday hujjatsiz yashayotgan insonlar, pasport va tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish uchun tegishli davlat idoralariga avvallari murojaat ham qilishmagan. Mintaqaviy vakilning aralashuvi bilan fuqarolarga tushuntirish berilib, hujjatlar rasmiylashtirishda amaliy yordam berildi.
Shuningdek, Hamro Bektemirovga kelib tushgan murojaatlardan birida, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali xodimi ustidan shikoyat kelib tushdi. Maʼlum boʻlishicha, xodim sayt, platforma, dastur ishlab berish uchun fuqarodan kelishilgan xizmat xaqini olgan lekin, majburiyatini bajarmagan. Murojaatchining yozishicha, 2 yildan buyon buyurtmani choʻzib, bajarmagan xodim, aldov yoʻli bilan toʻlangan summani qaytarishni ham ortga surib kelmoqda. Mazkur murojaat yuzasidan Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakili TATU Urganch filiali rahbariyati bilan bogʻlangan holda fuqaro murojaatini ijobiy hal etilishiga erishdi. Murojaatchiga toʻlangan summa toʻliq qaytarilib, kelishilgan xizmatni oʻz vaqtida bajarmagan xodimga tegishli chora koʻrildi.
Ombudsmanning Xorazmdagi vakiliga koʻp yillardan buyon savdo va xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi “ORZU - FAXRIM” oilaviy korxonasi rahbaridan yangi qurib bitkazilgan binoni buzib tashlanishini oldini olish boʻyicha murojaat kelib tushdi. Murojaat oʻrganilishi natijasida maʼlum boʻlishicha, ushbu oilaviy korxonada oila aʼzolardan tashqari yana 8 nafar xodim ishlaydi. Tadbirkorga ishini kengaytirishi uchun Xiva tumani hokimi tomonidan boʻsh yer maydoni ajratiladi. Lekin, qurilish ishlari belgilangan rejadan kechikib boshlanganligi sababli, olingan yer maydoni bir qancha muddat boʻsh yotadi. Bu orada ushbu yer maydoni foydalanilmayotgan yer uchastkalari sifatida roʻyxatga olinadi va e-auksion savdo platformasiga joylashtiriladi. Hozirda mazkur maydonda tadbirkor oilaviy korxonasining yangi binosi qurib bitkazilgan. Lekin, ushbu maydonni e-auksion orqali boshqa fuqaro sotib olgan va yangi binoni buzib tashlashini bildirgan. Mazkur nizoli holat yuzasidan Ombudsmanning Xorazmdagi Mintaqaviy vakili tegishli davlat idoralari bilan bogʻlanib, binoni buzib tashlanishini oldini oldi.
Yana bir tadbirkor murojaatida, sabzovot-polizchilik yoʻnalishida faoliyat yuritishi uchun yer maydoni soʻrab qilgan murojaati hanuzgacha hal etilmasdan kelayotganligi qayd etilgan. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili aralashuvi natijasida “Dostonbek Rayxona Kamola” MCHJ rahbariga Urganch tumani Bekobod qishlogʻi, Bekobod-Qumobod massivi hududida joylashgan 5,8 gektar yer maydoni ajratib berildi.
Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Xamro Bektemirov haftaning chorshanba kuni soat 14:00 dan 17:00 gacha fuqarolar murojaatlarini qabul qilmoqda. Manzil: Xorazm viloyati, Urganch shahri, Yu.Babajanov koʻchasi, 29-uy