Bu roʻyxatning soʻnggi pogʻonalarida Argentina ham bor. Yangi shtamm 30-noyabrda Janubiy Afrika Respublikasidan AQSH orqali mamlakatga qaytgan fuqaroda aniqlangan.
U joʻnashidan oldin ham, yetib kelgach ham COVID-19ga test topshirgan. Natijalar “salbiy” chiqqaniga qaramay, u karantinga olingan. Biroq kuni kecha oʻtkazilgan takroriy tekshiruvlar “ijobiy” natijani koʻrsatdi.
Argentina Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, sayohatchi avvalroq koronavirusga qarshi toʻliq emlangan. Shu sababli unda hozir kasallik belgilari yoʻq.
Koronavirusning yangi mutatsiyasi Tunisda aniqlanganidan koʻp oʻtmay, Ruminiyada ham dastlabki ikkita holat roʻyxatga olindi.
“Omikron” xuddi “delta” shtammi kabi bolalar salomatligiga ham xavf solishi mumkinligi barchada jiddiy xavotirlar uygʻotmoqda. Chunki Kanadaning Ontario provinsiyasida 12 yoshli bolada ushbu virus turi qayd etildi.
Pandemiya davrida kasallanish va oʻlim koʻrsatkichlari boʻyicha eng yuqori oʻrinni band etib kelayotgan AQSH ham yangi shtammga qarshi jiddiy kurashishiga toʻgʻri keladi. Negaki, shu kungacha mamlakatning 15 ga yaqin shtatida “omikron” varianti roʻyxatga olindi.
Rossiyada esa ilk shubhali holatlar hali oʻz tasdigʻini topgani yoʻq. Uch kun avval Janubiy Afrikadan shaxsiy aviareys orqali qaytgan ikki yoʻlovchida COVID-19 aniqlangan boʻlsada, bu virus turi qaysi shtammga mansubligi tekshirilyapti.
JSSTning sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori Maykl Rayanning bayonot berishicha, “omikron” yuqishi oqibatida hali birorta oʻlim holati kuzatilmadi. Yangi shtammning yuqumlilik darajasi va asoratlarini oʻrganish va aniqlash uchun yana bir necha hafta kerak boʻladi.
Shuningdek, JSST “omikron” boshqa shtammlarni siqib chiqarishi mumkinligini istisno etmayapti. Bu holat yuz bersa, Yevropada koronavirusga chalingan bemorlarning yarmi ushbu variant bilan kasallanadi.
Shunga qaramay, mazkur tashkilot eksperti Mariya van Kerkxove dastlabki kuzatishlari natijasini eʼlon qildi. Unga koʻra, “omikron” shtammini yuqtirganlarda kasallik nisbatan yengilroq oʻtyapti. Ammo yakuniy xulosalar chiqarishga hali erta.
Muhimi, amaldagi vaksinalar ushbu shtammga qarshi ham samara berishi mumkin. Buni yangi shtamm oʻchogʻi boʻlgan Janubiy Afrika Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri ham tasdiqladi.
Uning qayd etishicha, koronavirusga qarshi emlangan odamlarda xastalik yengil oʻtadi. Biroq vaksina olmaganlarning qariyb barchasi kasalxonalarga yotqizilishi mumkin, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.