Mutaxassislar kelgusi oylarda dunyoda kasallanish ko'rsatkichlari yanada oshib ketishi mumkinligidan tashvishda. Xususan, hozir birgina Rossiyada COVID-19 tashxisi bilan ro'yxatga olinayotganlarning qariyb 93 foizida B.A.4 va B.A.5 subvariantlari alomatlari kuzatilmoqda. Shu bilan birga, bemorlar orasida “kentavr”ni yuqtirganlar ham bor.

Mutaxassislar fikricha, yo'tal va hid bilish qobiliyatining yo'qolishi endi koronavirusga xos asosiy alomat hisoblanmaydi. Ushbu belgilarsiz, qolaversa, umuman simptomsiz ham kasallik kechishi mumkinligi takror-takror o'z isbotini topmoqda.  Shifokorlar kuzatuviga ko'ra, bugungi kunda mushaklar va bel sohasidagi og'riqlar ham COVID-19dan dalolat berishi mumkin. Ayniqsa, bosh va ko'zlarda og'riqlar kuzatilishi “omikron”ning yangi mutatsiyalariga xosdir. Chunki keyingi paytlarda faqat shu belgilar bilan murojaat qilayotganlarda ham koronavirus infetsiyasi aniqlanyapti.

Xo'sh bu nima bilan bog'liq?

Olimlar fikricha, dunyo aholisining katta qismi emlangan yoki avvalroq virus bilan kasallangan. Shundan so'ng organizmda antitanalar yuzaga kelganligi esa xastalik alomatlari o'zgarishiga sabab bo'lmoqda. Binobarin, bu har bir yangi shtamm, har bir yangi tur, aslida, yangi xususiyatlarga ega bo'lsa-da, asta-sekin inson tanasiga moslashishini anglatadi. Natijada kasallikning kechishi osonlashib, asoratlar engillashadi. Bunga doir yaxshi xabarlar ham bor. Masalan, shifokorlar prognoziga ko'ra, endi bemorlarning salomatligi 2-3 kun ichida maxsus muolajalarsiz ham tiklanishi mumkin.