“Omikron”: Yangi yil arafasida qator davlatlarda qatʼiy karantin choralari koʻrilmoqda

    Xavfsizlik 22 Dekabr 2021 1490

    Soʻnggi kunlarda koronavirusning “omikron” shtammi yana qator mamlakatlarga kirib borgani tasdiqlandi. Ular orasida Tailand va Gruziya ham bor. Rossiyada esa bu virus turi bilan kasallanganlar soni 41 nafarga yetdi.

    Olimlar tomonidan yangi shtammni yuqtirganlarda xastalik nisbatan yengil oʻtayotgani aytilsada, afsuski, yoʻqotishlar ham bor. Xususan, Buyuk Britaniyadan soʻng AQSH va Isroilda yangi mutatsiyadan ilk oʻlim holatlari qayd etildi.

    Yevropada pandemiyaning yangi toʻlqini avj olishi bilan bogʻliq xavotirlar allaqchon AQSHga ham tahdid solgan. Mamlakat rasmiylarining maʼlum qilishicha, bu yerda “omikron” dominant, yaʼni yetakchi variantga aylanib boʻldi.

    Hozir Qoʻshma shtatlarda aniqlanayotgan kasallanish holatlarining toʻrtdan uch qismi aynan ushbu mutatsiya hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Hukumat esa hademay mamlakat shifoxonalarida boʻsh joy qolmasligidan tashvishda.

    JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Hans Klyugening aytishicha, “omikron” Buyuk Britaniya, Daniya, Portugaliya va Irlandiyada allaqachon yetakchi shtammga aylangan. Yaqin haftalar ichida u Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham dominant pozitsiyani egallaydi.

    Yangi yil va Rojdestvo bayramlari yaqinlashgani sari mutaxassislarning xavotirlari ortib bormoqda. Chunki hozirgi murakkab epidemiologik vaziyatda bayram bilan bogʻliq ommaviy tadbirlar, mehmondorchiliklar kasallikning tarqalish surʼatini yanada tezlashtirib yuborishi, shubhasiz.

    Shundan kelib chiqib, qator mamlakatlar karantin cheklovlarini kuchaytirishga majbur boʻlmoqda. Misol uchun, Germaniyada koronavirusga qarshi emlanmaganlar uylarida ikki kishidan, vaksina olgan va kasallikka chalinib boʻlganlar esa oʻn kishidan ortiq mehmon qabul qilishlari mumkin emas.

    Daniyada bayram kunlari teatr, kinoteatr kabi jamoat joylari eshigiga qulf osiladi. Yangi Zelandiya “omikron” xavfi tufayli oʻz chegaralarini ochish muddatini yanvar oyidan fevral oyigacha uzaytirdi. Shveysariyada odamlar bar, restoran, sport zallari va boshqa jamoat joylariga vaksina pasportlari bilangina kiritiladi. Irlandiyada esa ana shunday muassasalar ish soati 20:00ga qadar cheklandi.

    JSST rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada boʻlib oʻtgan brifingda koronavirusning yangi shtammidan himoyalanish uchun odamlarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan bogʻliq rejalarini qayta koʻrib chiqishga, imkon qadar koʻpchilik bilan nishonlanadigan tadbirlarni keyinroqqa qoldirishga chaqirdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.