AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari maʼlumotiga koʻra, bu variantni yuqtirish holatlari, ayniqsa, Qoʻshma Shtatlar, Islandiya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya hamda Buyuk Britaniyada sezilarli darajada koʻpaygan.
Oʻrganishlarga koʻra, yaqin vaqtgacha JN.1 bilan xastalangan bemorlar asosan burun oqishi, holsizlik, yoʻtal va bosh ogʻrigʻidan aziyat chekib kelayotgan edi.
Xususan, ushbu simptomlar orasida eng koʻp tarqalgani burun oqishi boʻlib, u kasallikka xos belgilarning 31 foizini tashkil etadi. 23 foiz holatda yoʻtal, 20 foiz holatda bosh ogʻrigʻi kuzatilmoqda. Shuningdek, 20 foiz bemorlarda zaiflik va charchoq, 16 foizida esa mushaklarda ogʻriq qayd etilyapti.
Buyuk Britaniya olimlari JN.1 varianti aniqlangan kishilarda endi koronavirusga xos boʻlmagan ikki yangi alomat — uyqusizlik va bezovtalik kuzatilayotganini maʼlum qildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi kamyob simptomlar koʻpayishi virusning odamlar immunitet tizimiga “chap berish” xususiyati oshib borayotganini anglatadi.
Shunga qaramay, JSST hozircha bu shtamm Yer yuzi aholisi salomatligiga global darajada xavf tugʻdirayotgani yoʻq, degan xulosada. Faqat JN.1 qish mavsumi davom etayotgan Shimoliy yarim sharda kasallanish koʻrsatkichlari oshishiga sabab boʻlishi mumkin.