Ommaviy qabullar uch oyligining ilk manzilidayoq olti kunda qariyb 2 ming 650 masala koʻrib chiqilgani ham shundan dalolat berib turibdi. Yigirmadan ziyod vazirlik, qoʻmita va tashkilot masʼullari “Inson qadri uchun!” gʻoyasi asosida bir musht boʻlib birlashgani tufayli aksariyat masalalar joyiga chiqib oʻrganildi, mahallalarda, xonadonlarda, ijtimoiy soha obyektlarida muloqotlar olib borildi. Tizimli muammolar boʻyicha qoʻshimcha ishchi guruhlar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ayrim sohalar boʻyicha alohida muloqot maydonlari tashkil qilinmoqda. Bularning barchasi Prezidentimiz topshirigʻi asosida tuzilgan respublika ishchi guruhi faoliyati natijadorligini taʼminlashda muhim omil boʻlyapti.

Bir misol. Prezident virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari va ommaviy qabullardagi murojaatlar tahlilidan soʻng respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot oliygohlarining 50 dan ziyod malakali shifokori Fargʻonaga taklif qilindi. Turli hududlarda ularning alohida sayyor qabullari, tibbiy koʻriklari tashkil etilmoqda.

Qisqa vaqtda 6 ming 130 aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Xastalik aniqlangan 3 ming 920 bemor statsionar davolanishga yoʻnaltirildi.

Endi 10 yoshga kirgan Asadbek yurak xastaligidan aziyat chekmoqda. Kuni kecha ommaviy qabulda Nasiba Qosimova nevarasi dardiga davo topish masalasida amaliy yordam soʻragach, Asadbekka Toshkent shahrida davolanishi uchun yoʻllanma ajratildi.

– Bir marta poytaxtga borib davolanib kelishning oʻziga qancha mablagʻ kerak, – deydi N.Qosimova. – Ommaviy qabulga nevaramning davolanishi uchun yordam soʻrab murojaat qildim. Bu ishga bosh qoʻshganlarga rahmat, murojaatimizga befarq boʻlishmadi. Endi yoʻllanma bilan borib, kerakli muolajalarni olib qaytaveramiz.  

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj 731 bemorning 101 nafarida Fargʻonada murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Tugʻma yurak yetishmovchiligi bilan xastalangan 2,7 ming bolani bosqichma-bosqich davolash belgilab olindi. Birinchi bosqichda ulardan 680 nafari sogʻlom hayotga qaytadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi murojaatlar tahlili asosida viloyatdagi 70 ta mahallaning tibbiy punktini, 101 ta oilaviy shifokorlik punktini qayta tashkil etish boʻyicha ishlarni yanada jadallashtirdi. Xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlari bilan muloqotlardan soʻng umumiy qiymati 70 milliard soʻmga teng 11 ta konsepsiya loyihasi, Oltiarikdagi “Odiljon Med Line” shifoxonasi bilan esa loyiha qiymati 10,4 milliard soʻmga teng davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi.