“Inson qadri uchun” gʻoyasi asosidagi bu muloqotlar maydoni viloyatning aholisi uchun oʻzlarini oʻylantirayotgan masalalar yuzasidan rahbarlar bilan yuzma-yuz gaplashib olish imkonini berdi.

Prezident Administratsiyasi masʼullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, qariyb oʻttizta vazirliklar, qoʻmitalar va tashkilotlar rahbarlarining Navoiy shahridan 250 km. olisdagi Zarafshon shahrining “Tinchlik” mahallasidan boshlangan muloqotlari Navbahor tumanining “Keskanterak”, Karmana tumanining “Zarafshon” mahallalarida davom etdi.

Uch kunlik qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullari 67 ta masalani koʻrib chiqib, ularning 32 tasini joyida hal qildi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari boʻyicha Karmana, Tomdi, tumanlari, Zarafshon shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 9 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi, 9 nafarining jazosi yengilrogʻiga almashtirildi.

Farrux Xalilov “Zarafshon golden grupp” korxonasi xuquqshunosi. U Oliy sud vakillariga mazkur tadbirkorlik subyekti manfaatini ximoya qilish maqsadida murojaat etdi. Xususan, Sud xukmiga koʻra ushbu korxonaga 5 miilon soʻm moliyaviy jarima qoʻlanilgan. Biroq, prokuror protestida bu soʻmma 350 million etib belgilanishi keltirilgan. Sayyor qabulda xuquqshunos sudning birinchi hukmi oʻz kuchida qoldirishni soʻrab qilgan murojaati apelyatsiya tartibida koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi.

Bosh prokuratura masʼullari tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik, kredit ajratish va ishga joylashish kabi masalalarga oid 131 ta murojaatning 43 tasini joyida hal qildi.

Navbahorlik Ziyodullo Kamolovning ham muammosiga shu yerda yechim topdi. Shuncha vaqtdan beri yurak xastaligidan aziyat chekib kelayotgan bu insonga bepul davolanishi uchun yoʻllanma berildi.

Navbahorlik Gavhar Tursunovaga 3 nafar farzandi uchun aliment pullari olib berilib, tikuvchilik yoʻnalishida kasbga oʻqitiladigan va subsidiya asosida tikuv mashinasi olib beriladigan boʻldi.

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi karmana tumani boʻlimiga murojaat qilgan Sanobar Rahmonova maʼlum sabablar bilan oilasidagi kelishmovchilik tufayli ajrashishga qaror qilgandi. U va turmush oʻrtogʻi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borilgach, ajrim yoqasiga kelib qolgan oila yarashtirildi.

Ichki ishlar vazirligi masʼullari qabullarda 144 ta masalani koʻrib chiqib, ularning 61 tasini joyida hal qildi. Xususan, Zarafshonlik 21 yoshli Jonibek Yarashev sohada ishlash koʻp yillik orzusi ekanini aytgach, u Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” mahallasi profilaktika inspektori yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.

Nodir Joʻrayev 9 yil oldin Nurota tuman ichki ishlar boʻlimida faoliyat yuritgan. 2013-yilda ishdan boʻshatilganidan noroziligini bildirib, ishga tiklash masalasida oʻz murojaatini yoʻlladi. Uning bu muamosi ham koʻrib chiqilib, endilikda tizimda oʻz ishini davom ettiradigan boʻldi.

Adliya vazirligi masʼullari sud-huquq masalalarga oid 67 ta murojaatning 30 tasini joyida hal qildi. Jumladan, Konimexlik tadbirkor Tursun Isayevga adliya organlariga qilgan murojaatidan soʻng davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan savdo doʻkoni uchun kompensatsiya ajratiladigan boʻldi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilariga murojaatidan soʻng Xatirchilik Nurxon Joʻrayeva ham avvalgi ish joyi – Navoiy davlat pedagogika institutiga ishga qaytdi. Bu ayol avval oʻrindoshlik asosida ishlab ishdan boʻshagan boʻlsa, endi alohida shtatga ishga olindi.

2019-yilda oilaviy sharoiti tufayli Navoiy davlat pedagogika institutidan oʻqishdan chetlatilgan navbahorlik Zarifa Shomurodovani ham oʻqishga tiklash masalasi shu yerda hal etildi.

Sayyora Egamovaning ikki farzandi xorijda taxsil oladi. Biroq bu oila uchun bir muncha qiynchilik keltirib chiqarmoqda. Ikki yildan buyon Koreya davlatida Ayti sohasida taxsil olayotgan oʻgʻli Bekzod Umrqulovni yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalaridan biriga koʻchirishni soʻrab qilgan murojaati xal etildi. Yaʼni, Bekzod yangi oʻquv yilini Moskva davlat universtitining Toshkentdagi filialida davom ettiradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullariga qabullar davomida jami 102 murojaat kelib tushgan boʻlib, ulardan 83 tasi ijobiy yechim topdi. Deylik, murojaatlardan soʻng oʻtgan yili onkologik kasallikni yengib oʻtgan zarafshonlik Zulfiya Ummatovaning toʻliq sogʻlom hayotga qaytishi uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazishi uchun yoʻllanma ajratildi.

Uzoq yillardan beri xastalik bilan kurashib kelayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj Olmaxon Boltayevaga jarrohlik amaliyotini oʻtkazishi uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan 43 million soʻm ajratiladigan boʻldi.

Umuman, qabullarda mehnat-bandlik yoʻnalishida koʻplab insonlarning muammosi shu yerda hal qilindi. Ancha vaqtdan buyon ishsizlikdan qiynalib yurgan Gulnoza Boynazarova esa Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi masʼullari bilan muloqotdan soʻng tikuvchilik korxonasida ishlaydigan boʻldi.

Tomdi tumanida tuya junidan kiyim-kechak tayyorlaydigan kichik korxona egasi Aynara Doʻstovaga esa faoliyatini kengaytirish maqsadida, yangi uskunlarni harid qilish uchun imtiyozli kredit ajratildi.

Xalqimiz azaldan yoʻl qurganlarning mehnatini ulugʻlaydi. Chunki bir yoʻl bilan yuzlab odamlarning uzogʻi yaqin, mushkuli oson boʻladi. Ommaviy qabullarda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi masʼullari bu boradagi qator murojaatlarga ham yechim topdi. Deylik, Navbahor tumani “Dul-dul” mahallasida yashovchi Boboqul Hilolov murojaatidan soʻng taʼmirga muhtoj mahalla koʻchalariga tosh-shagʻal va beton yotqiziladigan boʻldi. Endi mahalladagi 3 ming nafarga yaqin aholi ravon yoʻldan ishga-oʻqishga borib keladi.

Karmana tumanining “Uyrot” maxallasida istiqomat qiluvchi Ismatulla Ibodov hamda Sanʼat Xasanov shu vaqtgacha ishsizligi bois oilada ham bir muncha muammolar yuzaga kelayotganini taʼkidlab, bandlik masalasida qoʻmita rahbariyatiga murojaat qildi. Quvonarlisi, ularga sayyor qabulning oʻzida ishga qabul qilingani toʻgʻrisidagi boʻyruq rasmiylashtirib, maxsus kiyim bosh ham topshirildi.

Viloyat hokimligi masʼullari tomonidan 200 ta murojaat tinlanib, shundan 58 tasi joyida xal etildi. Xususan, murojaatidan soʻng ishlab chiqarish bilan bogʻliq baxtsiz hodisada tan jarohati olgan 2-guruh nogironi Jalil Temirovga moddiy yordam koʻrsatilib, uning ayoli tikuvchilik sexiga ishga joylashtirildi.

Qiziltepalik Qoʻzi Ibragimov esa jigar serrozi bilan ogʻrib kelayotgan farzandida oʻtkazilishi zarur boʻlgan jarrohlik operatsiyasi uchun moliyaviy yordam soʻrab murojaat qildi. Viloyat rahbarining qarori bilan unga 50 million soʻm ajratiladigan boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi ommaviy qabullarida 1 ming 713 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 743 tasi joyida hal qilindi. 306 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, qolgan 664 ta masalani hal qilish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.