Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi

    Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaga ommaviy tadbir oʻtkaziladigan obyektga borish va kirish joylarida transportning harakatini cheklaydigan fizik toʻsiqlar oʻrnatish majburiyati yuklanmoqda.

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentyabrdagi “Ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi 569-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Endi ishchi guruh ommaviy tadbir oʻtkaziladigan obyektning tekshiruvini nafaqat ob-havo sharoitlarini, balki xavfli tabiiy hodisalar va texnogen avariyalar yuzaga kelishi ehtimolini ham inobatga olgan holda amalga oshirishi kerak.

    Shuningdek, endi ommaviy tadbir tashkilotchisi favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralarini koʻrishi, bunday tahdidlar mavjud boʻlganda esa – fuqarolarning evakuatsiyasini samarali tashkil etish sharoitlarini yaratishi kerak.

    Oʻz navbatida, ommaviy tadbirlarga tashrif buyuruvchilar favqulodda vaziyatlarda vahima koʻtarmasliklari, evakuatsiyani qiyinlashtiruvchi boshqa xatti-harakatlarni amalga oshirmasliklari va tadbir oʻtkaziladigan joy maʼmuriyati, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, FVVning evakuatsiyaga doir qonuniy talablarini bajarishlari shart.

    Ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan obyekt maʼmuriyati quyidagilarga majbur:

    • mahalliy radiotranslyatsiya tarmogʻi orqali ishtirokchilarga evakuatsiya qilish tartibi va evakuatsiya qilish yoʻllari haqida eʼlon qilish;
    • FVda vahima koʻtarilishini oldini olish, evakuatsiyaga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻymaslik uchun tegishli murojaat matnini ishlab chiqish va shunga oʻxshash vaziyatlar yuzaga kelganda uni fuqarolarga yetkazilishini taʼminlash.

    Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaga ommaviy tadbir oʻtkaziladigan obyektga borish va kirish joylarida transportning harakatini cheklaydigan fizik toʻsiqlar oʻrnatish majburiyati yuklanmoqda.

    Ommaviy tadbirlar oʻtkazish uchun Ruxsatnoma xavfli tabiiy hodisalar va texnogen avariyalarga bogʻliq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun texnik va maxsus vositalarning mavjudligini taʼminlash tashkilotchining majburiyati ekanligi toʻgʻrisidagi talab bilan toʻldirilmoqda.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 13-sentyabrdan kuchga kirdi.