Oʻmon bilan turizm sohasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 5 Oktabr 2022 732

    Oʻzbekistonning Oʻmon Sultonligidagi elchixonasida ushbu mamlakatning “Akbar Travels” sayyohlik kompaniyasi menejerlari Xyubert Peters, Sanjiv Alangad va Anil Kumar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuv davomida mamlakatimizning turistik salohiyati haqidagi batafsil maʼlumotlar oʻrtoqlashilar ekan, yaqinda Samarqandda barpo etilgan yangi xalqaro aeroport, “Boqiy shahar” majmuasi, yurtimizning turli hududlaridagi muqaddas qadamjolar va soʻlim maskanlarning taqdimoti oʻtkazildi.

    Oʻmon kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadi. Ular Oʻzbekistonga borayotgan sayohatchilar soni yildan-yilga ortayotganidan xabardor ekanliklarini maʼlum qilishdi. Shu sababli, “Akbar Travels” kompaniyasi mutaxassislari Arab koʻrfazi mamlakatlari sayyohlari uchun Oʻzbekistonga qulay sayohat paketlarini ishlab chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.

    Xyubert Petersning aytishicha, bu borada Oʻzbekistonning yetakchi sayyohlik kompaniyalari bilan aloqa oʻrnatish, oʻzaro hamkorlikda mavsumiy charter havo qatnovlarini tashkil etish salmoqli natija berishi mumkin. Shuning uchun u kelgusidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadida sheriklikda ishlash istagini bildirgan oʻzbek turoperatorlari bilan onlayn muzokaralar oʻtkazish taklifini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida “Akbar Travels” sayyohlik kompaniyasi bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.