Unda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, diplomatiya vakolatxonasi huzuridagi «O‘zbek tili do‘stlari» klubining aʼzolari, Arab tajribasi instituti rahbariyati hamda ushbu oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hozir bo‘lishdi.

Tadbir avvalida ushbu bayram tarixi, so‘nggi yillarda uni keng nishonlash bo‘yicha respublikamiz va xorijda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Ona tilimiz rivojlanishiga salmoqli xissa qo‘shgan va o‘zbek tilida ijod qilgan buyuk allomalar asarlarida aks etgan ilmiy izohlar, hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan sharoitlar hamda davlat tilining nufuzini oshirish borasida malga oshirilayotgan ishlar ishtirokchilar tomonidan eʼtirof etildi.

Madaniy-maʼrifiy tadbir davomida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.

Anjumanda ishtirok etgan Arab tajribasi instituti direktori, «O‘zbek tili do‘stlari» klubi aʼzosi Nosir al-Jabriy mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etdi:

— Men institutimiz jamoasi nomidan O‘zbekiston xalqini ushbu bayram bilan tabriklayman.  O‘zbek tili dunyodagi eng qadimgi tillardan biri hisoblanadi. Shuning uchun o‘zbek tilini chuqur o‘rganishga kirishdim. Yaqin kelajakda Arab tajribasi institutida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha kurslar tashkil etish rejasini ishlab chiqayapmiz. O‘zbek tili kurslariga  malakali o‘qituvchilarni jalb qilish maqsadida joriy yil dekabr oyida O‘zbekistonga borishni rejalashtirganmiz.

Tadbir yakunida «Ona tilim – jonu dilim» nomli sheʼrlar to‘plamidan iborat videorolik namoyish etildi.