Ona baxtli boʻlsa, butun oila baxtiyor boʻladi

    Ijtimoiy hayot 14 Sentabr 2021 1380

    Oilaning, xonadonning chirogʻi boʻlgan ayollar har tomonlama qoʻllab-quvvatlansa, oilalarda turmush charogʻon boʻladi.

    Oilada onalar bolalarini va turmush oʻrtogʻini xush kayfiyatda kuzatib, kulib kutib olsa, hammaning ruhiyati tetik, kayfiyati aʼlo boʻladi.

    Mamlakatimizda joriy etilgan “Ayollar daftari”da xotin-qizlarga moddiy, maʼnaviy koʻmak berish bilan birga huquqiy va psixologik yordam berish masalalari ham belgilangan.

    Bugungi kunda chilonzorlik ayollarning dardini eshitib, ularga ruhan dalda boʻlish va ayrim holatlarda huquqiy yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatish borasida ham tizimli ishlar olib borilyapti.

    Kuni kecha Davlat xizmatlari agentligi binosida ayni shu yoʻnalishda 2-sektor hududida yashovchi ayollar bilan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi mutasaddilari hamda tuman prokuraturasi masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda ham ayollar oʻzlarini qiynayotgan muammolarga yechim topdi.

    Xususan, Bahoriston mahallasida yashovchi Nodira Bekmetovaga Respublika ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazining malakali psixologi Umida Turgʻunova tomonidan psixologik yordam koʻrsatilib, ayni paytda unga uyidan uncha uzoq boʻlmagan hududda yangi ish oʻrni taklif etildi. Guliston mahallasidan murojaat qilgan Feruza Boytursunovaga esa uy-joy merosini rasmiylashtirish yuzasidan, xuddi shu mahallada yashovchi Goʻzal Dadashevaga esa nafaqa pulini olish tartibi toʻgʻrisida huquqiy yordam koʻrsatildi, deb xabar beradi Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati.