Unda uyushma va jamgʻarma raislari Sirojiddin Sayyid hamda Oqil Salimov ishtirok etib, yoshlarning maʼnaviy kamolotida tanlovning ahamiyati beqiyosligini taʼkidladi, ularni gʻoliblik bilan qutladi.
– Mazkur tanlovda Yangi Oʻzbekistonimizda barkamol avlodni tarbiyalab, jamiyatdagi bunyodkorlik ishlarida faollik, fidoyilik koʻrsatgan zahmatkash, moʻtabar ayollar va onalarga bagʻishlab yozilgan sheʼrlar, hikoyalar va esselar mualliflarini ragʻbatlantirishdir, - deydi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. - Yangi asarlar yozishga ruhlantirish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, isteʼdodini roʻyobga chiqarish va ularni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish, hayotimizda ayolning, moʻtabar onaning rolini yosh avlod qalbi va ongiga yanada chuqurroq singdirish, yosh ijodkorlarni, ayniqsa, respublikaning chekka hududlaridagi isteʼdodli yoshlar faolligini oshirishga eʼtibor qaratildi.
Tanlov “Eng yaxshi sheʼr”, “Eng yaxshi hikoya”, “Eng yaxshi esse” yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazildi. Unga jami 122 nafar yosh ijodkorlarning sheʼr, hikoya va esselari kelib tushdi. Oʻzbek va qoraqalpoq rus tillaridagi mazkur ijodiy ishlar janr tasnifi boʻyicha quyidagilarni tashkil etdi: sheʼrlar va sheʼriy turkumlar – 72 ta; hikoyalar – 31 ta; esselar – 19 ta.
Hayʼat aʼzolari tanlovga taqdim etilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyati, mavzuning yoritilishi, talqinning oʻziga xosligi, asarning badiiyligi mezonlari boʻyicha xolisona baholanib, gʻoliblar va sovrindorlar aniqlandi.
– Bu kabi ijodiy tanlovlar biz yoshlarga katta mahorat maktabini oʻtaydi, - deydi sheʼriyat yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrin sohibasi Sitora Shomurodova. – Unda men “Onamga...” nomli turkum sheʼrlarim bilan ishtirok etdim. Bu jarayonda oʻgit va tavsiyalarini ayamagan ustoz ijodkorlarga rahmat, deyman.
Tadbirda Sirojiddin Sayyid Oqil Salimovga “Ulugʻbek” jamgʻarmasi kutubxonasi uchun Alisher Navoiyning “Xamsa”sini yangi nashrdagi toʻplamini sovgʻa qildi.
Tanlov gʻoliblariga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va hamkor tashkilot tomonidan diplom, pul mukofotlari va esdalik sovgʻalar topshirildi.