“Ona tilim – jonu dilim”

    21 oktyabr` – O'zbek tili bayrami kuni

    Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligi ostida o'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini joyiga qo'yish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda.

    Ayniqsa, davlatimiz rahbarining joriy yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o'zbek tilida so'zlagan nutqi bu boradagi sa'y-harakatlarga keng yo'l ochib, o'zbek tilining nafaqat respublikamizdagi, balki jahondagi nufuzini yanada mustahkamladi.

    Bu yil ilk marotaba respublikamizda 21 oktyabr sanasi O'zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.

    Tadbirda O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Bobur Bobomurod, O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, «Sharq yulduzi» va «Zvezda Vostoka» jurnallari bosh muharriri, taniqli shoir Sirojiddin Rauf hamda Akademiya professor-o'qituvchilari ishtirok etdilar.

    Uchrashuvda taniqli shoirlar ona tilimizning o'ziga xosligi, bugungi kunda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish borasidagi islohotlarga to'xtalib, har bir vatan farzandi o'z ona tilini sevishi, uning qadr-qimmatini joyiga qo'yishda faol ishtirok etishi zarurligini ta'kidladilar. Ona tilini ulug'lovchi she'rlaridan o'qib berdilar.

    Favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi Bahodir Valiev o'z so'zida hozirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning joylardagi vakillari, ya'ni vazirlik, idoralarda faoliyat yuritayotgan davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchilar tomonidan idoralarda davlat tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishni tashkil qilish ishlarining izchil davom ettirilayotganligini aytib o'tdi. O'z o'rnida, Departament va hamkor muassasa, tashkilotlar tomonidan nashrdan chiqarilgan «Davlat tilida ish yuritish» kitobi barchaga tavsiya etildi.

    Tadbir so'ngida kursantlar ham so'z olib, el ardog'idagi shoirlarning ijod namunalaridan yod aytdilar, o'zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.

    Farhodjon XOJAEV,

    O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi

    Akademiyasi o'qituvchisi, kapitan