Ona tilim-jonu dilim!

    Mamlakatimizda 18 Oktabr 2021 269990

    Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning maʼnaviyati, madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixi, eng muhimi mustaqillik belgisidir.

    Dunyoda 7 mingdan ortiq tillar muomalada boʻlib, dunyo aholisining
    90 foizi 70 ta tilda soʻzlashadi. 200 ta til davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Bugungi kunda dunyoning 50 milliondan ortiq aholisi oʻzbek tilida soʻzlashib, bu tilda soʻzlashuvchilar soni boʻyicha dunyoda
    27-oʻrinda turadi. 6 ta (oʻzbek, turk, qozoq, qirgʻiz, ozarbayjon, turkman, uygʻur) barqaror turkiy tillardan biri hisoblanadi. Oʻzbek tili dunyoning
    60 dan ortiq universitetlarida, 200 dan ortiq maktablarida oʻqitiladi.

    Xalqimizning koʻp asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli boʻlgan oʻzbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir.

    Istiqlol yillarida ona tilimiz tom maʼnoda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

    Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda.

    Milliy tilimizga, ona tilimizga boʻlgan eʼtibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu oʻrinda bobolarimiz aytgan quyidagi purmaʼno fikrlarni eslaylik: “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yoʻqotmak millat ruhini yoʻqotmakdur” (M.Behbudiy).

    Eʼtibor beryapsizmi, milliy tilni yoʻqotmak millat tilini yoʻqotmakka qiyoslanyapti. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, uning mavjudligi har qanday yurt, millat taraqqiyotini belgilab berishi shubhasiz. Ayniqsa, bugungi globallashuv dunyo xalqlarining turmush tarzi umumiylik kasb etgan bir davrda yuqoridagi soʻzlarning zalvori ikki hissa ortadi.

    “Davlat tili haqida”gi Qonunning tarixiy oʻrni va ahamiyatini inobatga olgan holda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2020-yil 10-aprelda Prezident tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni imzolandi. Unga muvofiq 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bu bilan davlat ramzlaridan biri sanalgan maʼnaviy qadriyatimiz – ona tilimiz qonun himoyasida ekanligi yana bir bor oʻz isbotini topdi.

    Ushbu bayramning mamlakatimizda keng nishonlanishi ona tilimizga eʼtiborni yuksaltirish, uning mukammalligi va boyligini koʻrsatib bera olish, nafaqat oʻzbek xalqi, balki boshqa millat vakillarini ham bebaho boyligimiz hisoblangan tilimiz va madaniyatimizni oʻrganishga ilhomlantirishda xizmat qiladi.

    Biz esa oʻz navbatida tilimizning pokligi va oʻziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga oʻz hissamizni qoʻshmogʻimiz darkor.

    Bu yoʻnalishda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati Yangibozor tuman boʻlinmasi tomonidan hamkor tashkilotlarni jalb qilgan holda aniq, manzilli chora-tadbirlar tashkil qilinyapti.

    Jumladan, Davlat tili haqidagi qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash boʻyicha tuman ishchi guruhi tashkil qilinib, tuman hududidagi tashqi yozuvlar, reklama va boshqa vositalarning davlat tili haqidagi qonun-hujjatlari asosida, imlo xatolarisiz yozilishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-sonli qarori ijrosini tumandagi idora-tashkilotlarda toʻliq taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

    Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 32 yillik bayramini keng nishonlashga qaratilgan targʻibot tadbirlari mahallalarda, taʼlim muassasalari, korxona-tashkilotlarda koʻtarinki ruhda tashkil etilyapti.

    Tuman hokimining tashabbusi bilan tuman hokimligi katta majlislar zalida “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani kutubxonasi” tashkil etildi. Kutubxona har kuni aholi, ayniqsa yoshlar bilan gavjum. Kitobxonlar oʻrtasida ona tilimizning ahamiyati, goʻzalligi, muqaddasligini tarannum etuvchi sheʼrlar, sahna koʻrinishlari namoyish qilinib, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirilishi bayramga yanada koʻtarinkilik bagʻishlayapti.

    Ayniqsa, tadbirlarga idora-tashkilotlar xodimlarining keng jalb etilishi ish yuritish hujjatlarini davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya qilgan holda olib borishga zamin yaratadi.

    R.Matyusupov,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Xorazm viloyati Yangibozor tuman boʻlimi rahbari,

    D.Tajimuratova,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Xorazm viloyati Yangibozor tuman boʻlimi bosh mutaxassisi.