Ona tilimiz — oʻzligimiz, shaʼnimiz!

    Til millat koʻzgusi, maʼnaviyatini belgilovchi muhim vosita. Ota-bobolarimiz taʼbiri bilan aytganda, “Til bilmaslik, el bilmaslik” sifati baholanagan. Bu bejiz emas. Oʻtgan vaqt mobaynida ona tilimizga boʻlgan munosabat, uni davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Viloyat, shahar va tuman hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha hokim maslahatchisi lavozimlari joriy etildi. Ularning oylik maoshlari, ish sharoitlarini yaxshilash, asosiy vazifalaridan kelib chiqadigan chora-tadbirlar “Yoʻl xarita”si ishlab chiqildi.

    Fargʻona davlat universiteti bazasida “Davlat tilida ish yuritishni oʻrgatish va malaka oshirish markazi” tashkil etildi. Taʼlim tizimida davlat tilini oʻrgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, davlat tilini ilm-fan tili sifatida nufuzini oshirish, davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatinii oshirish masalalarida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi bilan hamkorlikda hududdagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari ishtirokida “Alla” hamda “Eng chiroyli nutq egasi” koʻrik-tanlovlari tashkil etildi, kitob taqdimotlari yoʻlga qoʻyildi, oʻquv-seminar, targʻibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

    Joylarda kundalik hayotimizda koʻp uchraydigan tashqi yozuvlar, reklama va axborotlar, peshlavha va joy nomlari bilan bogʻliq oʻzbek tili meʼyorlariga zid holatlarni aniqlash, ularni bartaraf etish boʻyicha ekspertlar guruhi tashkil qilingan. Ular “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun talablariga zid boʻlgan holatlarni aniqlab, bartaraf etib bormoqda. Toponimik obyektlar, joy nomlari yuzasidan aniqlangan kamchiliklar boʻyicha hududiy komissiyalarga taqdimnomalar kirtildi.

    Viloyat hokimining tashabbusi bilan har bir shahar va tuman mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida 989 ta kitob doʻkoni tashkil etildi.

    Hali oldimizda turgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar koʻp. Aholi oʻrtasida davlat tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yanada kuchaytirish, ish yuritishda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun talablariga amal qilish, tashqi reklama va yozuvlarda oʻzbek tili meʼyorlariga rioya etilishi bugungi kundagi dolzarb masalalardan.

    Barcha sohalarda hujjatlar bilan ishlash va ish yuritish tizimidagi masʼul xodimlarning bilimini oshirish, davlat tilida ish tashkil etish boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish doimiy diqqat markazimizda. Shu maqsadda ziyoli kishilarning faolligi bilan bir qatorda, xususiy sektordagi tadbirkorlik subyektlarining koʻmagi ham yaxshi natija beradi.

    Milliy qadriyatlarimiz, ajdodlarimiz ruhi oldidagi muqaddas burchimizning bir koʻrinishi boʻlgan oʻz ona tilimizni, avvalo, oʻzimiz qadrlashimiz, dunyo xalqlariga uning boy imkoniyatlari va jilosini namoyish eta olishimiz zarur. Tilga boʻlgan hurmat oʻzligimizga, shaʼnimizga boʻlgan hurmat ekanligini aslo unutmasligimiz kerak.

    Sohibjamol TONGOTAROVA,

    Fargʻona viloyati hokimining maslahatchisi