Ona va uning farzandlari Xakasiyadan Oʻzbekistonga qaytarildi

    Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakolatxonasi tomonidan ona va uning uch farzandi Vatanga qaytarildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

    Xabarda aytilishicha, oila Xakasiya Respublikasi poytaxti Abakan shahrida turli qiyinchiliklarga duch kelib, ogʻir moddiy ahvolga tushib qolgan. Ular nafaqat moliyaviy koʻmakka, balki konsullik koʻmagiga ham muhtoj edi.

    Bosh konsullik ularning ahvolini tezda oʻrganib, zarur yordam koʻrsatdi: oilani Oʻzbekistonga qaytarish uchun barcha hujjatlar tayyorladi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi koʻmagida aviachiptalar sotib olindi.

    Yurtimizning chet mamlakatlaridagi konsullik idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosatda ham oʻz oʻrniga egaligi, vatandoshlar manfaatlarini himoya qilish ustuvor ahamiyat kasb etishini tasdiqlaydi.

    Oʻzbekistonning hech bir fuqarosi eʼtiboran chetda qolmaydi va zarur hollarda Vataniga yetib olishi uchun barcha tegishli amallar bajariladi.