Lekin ushbu tushuncha xalqimizni yagona va ulugʻ maqsad atrofida jipslashtirib, buyuk marralar sari chorlamoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kiritilgan ushbu tushuncha dunyo hamjamiyatida Oʻzbekistonning yangi va zamonaviy imidjini shakllantirish barobarida xalqimiz ongi, tafakkuri va dunyoqarashida ham tub oʻzgarishlar yasadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi faoliyatining dastlabki yilini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilgan edi. Shu davrdan boshlab davlat idoralari xalq bilan muloqotning turli usul va shakllaridan samarali foydalandi, fikr va soʻz erkinligi kafolatlandi, jumladan, ommaviy axborot vositalari xalq minbariga aylandi.
“Yangi Oʻzbekiston” tushunchasini xalq ongi va shuuriga singdirish, jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashda bosma axborot vositalarida chop etilgan ilmiy, ommabop va tahliliy maqolalar hamda suhbatlarning ahamiyati katta. “Yangi Oʻzbekiston orzusi” toʻplamidan “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorovning turli yillarda chop etilgan dolzarb mavzudagi suhbat va maqolalari oʻrin olgan. “Yangi Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” deb nomlangan suhbatda. “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasining mazmun-mohiyati mujassamlashgan boʻlib, gʻoyaning paydo boʻlishi va hayotga tatbiq etilishi Prezidentimiz tomonidan shunday izohlangan:
“Taʼkidlash kerakki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir”.
Suhbatda mamlakat taraqqiyotining ayni bosqichidagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan, ijtimoiy himoya, gender tenglik, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish va boshqa masalalar qamrab olingan, yaʼni biror soha yoki tarmoq eʼtibordan chetda qolmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan suhbat davlat va jamiyat qurilishida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, erkin va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishda parlamentning roli, xotin-qizlar masalalarga bagʻishlangan.
Umuman olganda, toʻplamdagi 16 ta suhbatda jurnalist hukumat masʼullari, davlat idoralari va vazirliklar rahbarlari oldiga xalqni qiziqtirayotgan va oʻylantirayotgan masalalarga oid keskin savollar qoʻygan. Berilgan javoblarda tegishli soha va tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan taklif va tashabbuslar qayd etilgan. Xalq vakillari ushbu javoblarga asoslangan holda masʼullardan davlat byudjeti hisobiga amalga oshirilgan islohotlar, berilgan vaʼdalar ijrosi yuzasidan natija talab qilishga haqli, deb oʻylayman.
Salim Doniyorovning turli yillarda gazeta sahifalarida chop etilgan va toʻplamga kiritilgan dolzarb mavzudagi maqolalari har qanday oʻquvchini oʻziga jalb etishi aniq. Mazkur maqolalarda xalqimizning tilida, dilida turgan gaplar, oʻy-fikrlar, oʻylantirayotgan muammolar yoritilgan, ularga yechimlar taklif etilgan.
Toʻplamdagi maqolalardan biri “Gʻoliblik, gʻalaba tuygʻusi qonimizda bor” deb nomlangan ekan. Topib qoʻyilgan sarlavha maqolaning yarim muvaffaqiyati, deb bejiz aytilmagan. Sarlavhaning oʻziyoq oʻquvchini jalb etadi, unda faxr-iftixor, ishonch va birdamlik tuygʻusini joʻsh urdiradi. Ushbu sarlavhani oʻqir ekanmiz koʻz oldimizda buyuk ajdodlar timsoli gavdalandi, ularning madadini, kuchini his qilgandek boʻlamiz.
Xulosa oʻrnida ushbu kitob xalqimiz uchun shiorga aylangan “Yangi Oʻzbekiston” tushunchasi haqida maʼlumot olishni istagan, Prezidentimiz hamda masʼul idoralar rahbarlarining fikr-mulohazalari, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va galdagi vazifalar bilan tanishmoqchi boʻlgan, bir soʻz bilan aytganda, ona vatani taqdiriga befarq boʻlmagan har bir inson uchun muhim qoʻllanma boʻla oladi, deb aytish mumkin.
Koʻp yillik mehnat va ijod mevasi boʻlgan ushbu kitob xalqimizga va muallifga muborak boʻlsin. Jonkuyar jurnalist Salim Doniyorga ijodiy barkamollik va bardavomlik tilaymiz.
Ibrohim Abduraxmonov,
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri,
akademik









