Turkiya Qo‘lyozmalar Instituti Kitob shifoxonasida (kitoblar saqlanib, ta’mirlanib, nomerlashtiriladigan bo‘lim nomi) bugungi kungacha saqlanib qolgan qo‘lyozmalar ehtiyotkorlik va ustalik bilan restavratsiya qilinmoqda. 800 yillik tarixga ega ushbu qo‘lyozmalarning qayta tiklash ishlari tugagandan keyin hujjatlashtirilib, qutilarga solinib, tegishli kutubxonalarga jo‘natiladi va saqlov bo‘limlarida saqlanadi.
Asarlar hasharotlarga qarshi - 40 daraja sovuqda muzlatiladi
Kitob shifoxonasi va arxivlar boʻlimi boshligʻi doktor Nil Baydarning so‘zlariga ko‘ra, jami 102 kishi ishlagan shifo markazida restavratorlar tomonidan turli jarayonlardan o‘tkazilgan qo‘lyozmalarning nima sababdan zarar ko‘rganini aniqlash uchun kimyo va mikrobiologiya mutaxassislari tomonidan qog‘oz, siyoh va dog‘lari tekshirilgan.
“Avvalo, asarlar tezkor ta’mirga muhtoj yoki yo‘qligini ko‘rib chiqamiz. Zararkunandalarga qarshi ehtiyot choralarini ko‘rish uchun birinchi navbatda asarlar - 40 daraja sovuqda muzlatiladi. Keyin mikroorganizmlar bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, ular birinchi navbatda zararsizlantiriladi, so‘ngra hujjatlashtirish boshlanadi”, qo‘shimcha qildi Nil Baydar.
2024 yilda 417 ta asar restavratsiya qilindi.
Baydar matn qismi tugagandan so‘ng, tikish va muqovasini ta’mirlash ishiga o‘tilishini ta’kidlab, shunday davom etdi:
“2024 yil statistikasiga ko‘ra, ko‘rgazma tufayli qayta tiklangan kitoblar soni biroz oshdi. Bu shifo maskanida me’yor doirasida bir kishi bir yilda ko‘pi bilan 5 yoki 5,5 dona kitobni ta’mirlay oladi. Chunki bu mashaqqatli ish va mehnat talab qiladi. Bu yerda 2024 yilda 417 ta asar qayta tiklandi”.
Ilk bor qayta tiklangan jildlar ko‘rgazmaga tayyorlanmoqda.
Baydar yaqin kunlarda Kitob shifoxonasi tomonidan ko‘rgazma tashkil etilishini ma’lum qildi:
“Hozir juda hayajondamiz. Yaqinda qo‘lyozma asarlar ko‘rgazmasi bo‘ladi. Ushbu ko‘rgazmadagi asarlarning 95 foizi birinchi marta namoyish etiladi. Gazlama, qoʻlda tikilgan muqovalar, Abbosiylar davri, Mamluklar davlati, Fotih Sulton Mehmed kutubxonasidagi kitoblar, Mamluk sultonlari uchun tayyorlangan asarlar, Sulaymon Qonuniy podsholik davridagi tilla bilan bezatilgan kitoblar kabi jami 60 asarni jamlaymiz. Yosh restavratorlarimiz ularni ta’mirlash ustida ishlamoqda. Ko‘rgazma fevral oyining oxiriga rejalashtirilgan”.