Onalar va bolalar salomatligi doimiy eʼtiborda

    Salomatlik 19 Sentabr 2023 1485

    Soʻnggi yillarda Xorazm viloyatida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Asosiy eʼtibor – opa-singillarimiz hayoti uchun xavf soladigan turli xastaliklarni bartaraf etish, chaqaloqlarda uchraydigan genetik kasalliklar, tugʻma nogironlik holatlarini oldini olishga qaratilyapti.

    Birgina misol, viloyat perinatal markazi tomonidan ayollarda homila davrida chaqaloqdagi turli irsiy kasalliklarni aniqlashning eng samarali usuli – noinvaziv skrining tekshiruvi amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan mazkur tekshiruv davomida homilasida ayrim nuqsonli alomatlar aniqlangan ayollarda amiotsentez testi amalga oshirilib, bu orqali homiladagi turli xil genetik, xromosom kasalliklarni erta aniqlashning imkoni paydo boʻlyapti.

    – Markazimiz tomonidan ayollardagi homiladorlik davrida kardiotokografiya tekshiruvlari ham oʻtkazib kelinyapti, — deydi Xorazm viloyat perinatal markazi rahbari Salomat Matyoqubova. — Ushbu amaliyot homila davrida chaqaloqdagi yurak bilan bogʻliq muammolar, shuningdek, onadagi kasallikning bolaga taʼsiri, homila gipoksiyasi, tartibsiz yurak urushi singari bir qator salbiy holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini koʻrishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Mazkur tekshiruv usuli nihoyatda qulay va eng asosiysi, ona va chaqaloq uchun mutlaqo xavfsiz hisoblanadi.

    Markazda yangicha davolash uslublari joriy etilishi tufayli onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida koʻplab yutuqlarga erishilyapti. Jumladan, oʻta kam va kam vaznli chaqaloqlarning yashash imkoniyati oshirildi. Markazning eng soʻnggi turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlanishi natijasida hatto, 500 gramm vaznda tugʻilgan chaqaloqlarni parvarishlash va reabilitatsiya qilish yoʻlga qoʻyildi.

    Viloyat perinatal markazida neonatal xirurgiya yoʻnalishi boʻyicha chaqaloqlarda oʻtkaziladigan amaliyotlarning salmogʻi va sifati oshib, undan keyingi parvarish yanada yaxshilandi. Bu yerda davolanayotgan onalar va chaqaloqlarda 7 xil turdagi qon tahlillarini aniqlash imkoni yaratildi. Ayollardagi ginekologik va boshqa kasalliklarni davolash maqsadida zamonaviy turdagi laparoskop va gisteroskop apparatlari keltirildi. Yuqori texnologik amaliyotlarni qoʻllash natijasida 90 foiz ogʻir asoratli ayollarda reproduktiv funksiya saqlanib qolinishiga erishilyapti.

    Viloyat skrining markazi ham bugungi kunda qoʻshimcha zamonaviy ultratovush va dopler appartlari bilan taʼminlandi. Natijada homiladorlikda patologiyalarini erta aniqlash imkoniyatlari kengaydi va oʻz navbatida viloyatda nuqsonli chaqaloqlar tugʻilishi sezilarli darajada pasaydi.

    Yaratilayotgan qulayliklar viloyatdagi 54 mingdan ortiq fertil yoshidagilar ayollarga yanada ishonchli tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Undan tashqari mavjud 13 ta tugʻruq muassasalari tomonidan homilador ayollarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib kelinyapti.

    Yurtimizda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sogʻlom bola tugʻilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanyapti. Endilikda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilishiga ham qonuniy asoslar mavjud. Shuningdek, onalar salomatligini muhofaza qilishning takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj tizimi joriy etiladi.

    Gulnoza Umirova,

    jurnalist.