4 oʻgʻil va kelinlari maslahatlashib, “Onalarga ehtirom” bayrami kunlarida qutlugʻ yosh egasiga yangi xonadon kalitini topshirishdi. Eʼtiborlisi, Bumayramxon aya Paygʻambarqulova endi turmush oʻrtogʻi bilan Prezident eʼtirofidagi “Guliston” yoʻldosh shaharchasida barpo etilayotgan zamonaviy koʻp qavatli uylardan birining sohibasiga aylandi.
- Oʻgʻillarim va kelinlarim dadasi bilan maslahatlashib, “Onalarga ehtirom” bayramiga menga “surpriz” qilishmoqchi boʻlishibdi, - deydi onaxon hayajonini arang bosib. – Shu paytgacha aytib ham qoʻyishmabdi-ya! Lekin baraka topishsin, dadasi bilan anchadan beri yozda salqin, qishda issiq bitta kvartira olsak-da, ikkimiz yashasak, deb niyat qilayotgan edik. Orzuyimiz bugun ijobat boʻldi, yetkazganiga shukr. Farzandlarimga ming rahmat!, - deydi onaxon.
Tuman hokimi oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Dilfuzaxon Karimova ham baxtiyor onaxonni birinchilardan boʻlib qutladilar.
Viloyatimizda keng quloch yozayotgan “Onalarga ehtirom” festivali doirasida eʼzoz va ehtirom ramzi boʻlgan bunday oʻziga xos ezgu ishlar shahar-tumanlarda davom etmoqda, deb yozadi Bagʻdod tumani hokimligi Axborot xizmati.