Yoshligimdan inson hayotiga daxldor boʻlish, ona va bolalar sogʻligʻini asrash orzusi bilan 2005-yilda Qoʻqon shahar tibbiyot kollejining akusherlik yoʻnalishiga oʻqishga kirdim. 2008-yilda bitirib, hayotning yangi bosqichiga qadam qoʻydim — oila qurdim.
Turmush oʻrtogʻim erta otadan ayrilgan inson boʻlgani sababli, nikoh toʻyimiz Furqat tumani hokimligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan edi. Oʻsha paytda “yoshlarni ish bilan taʼminlaymiz” degan vaʼdani eshitganman.
Shukr, 2018-yilda Furqat tumani shifoxonasining reanimatsiya boʻlimida hamshira boʻlib ish boshladim. 2022-yil esa hayotimda yangi sahifa ochildi — Prezidentimiz tashabbusi bilan “Bir mahalla – bir shifokor, bir doya” tamoyili asosida yangi ish oʻrinlari yaratildi. Shu islohot tufayli men mahalla doyasi sifatida faoliyat boshladim va hozirda “70-OP”da, Chek Chuvalloq qishlogʻidagi uchastkamda ish olib boryapman.
Mening xizmat hududim — Shoʻxay, Polvontosh va Tinchlik qishloqlari, yaʼni choʻl zonasida joylashgan aholi yashaydigan joylar. Bu yerda 4000 nafardan ortiq aholi bor, ulardan 1200 nafari tugʻish yoshidagi ayollar. Hozirda 86 nafar homilador ayol bilan muntazam ishlayman. Ulardan 12 nafari kesarcha kesishdan keyingi chandiqli holatlarga ega — har birining sogʻligi men uchun aziz.
Har haftaning chorshanba kunlari 1975, 1985 va 1995-yillarda tugʻilgan ayollarni PCR tekshiruvlaridan oʻtkazish ishlarini amalga oshiraman. Bu jarayonda nafaqat tibbiy bilim, balki mulohaza, mehr va ishonch ham kerak.
Qishloqda doya faqat tibbiyot xodimi emas — u maslahatchi, ona, doʻst hamdir. Chunki biz inson hayotining boshlanish nuqtasidamiz. Har bir ona koʻz yoshi bilan tugʻadi, biz esa oʻsha yoshni tabassumga aylantiramiz.
Prezident siyosati — xalq hayotida ishonch va gʻamxoʻrlik timsoli
Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalliy tibbiyot tizimini tubdan isloh qilish ishlari boshlangan. Avvallari ayrim chekka qishloqlarda tibbiy xizmatga yetishish mushkul boʻlsa, bugun har bir hududda doya va patronaj hamshiralar faoliyat yuritmoqda. Bu — nafaqat kasbiy yangilik, balki oddiy insonlar hayotida qulaylik va ishonch manbai boʻldi.
Masalan, avvallari homilador ayollar koʻp hollarda tuman markazigacha borishga majbur boʻlardi. Endi esa ularning holidan xabar oladigan, maslahat beradigan, zarur paytda birinchi yordam koʻrsatadigan doya oʻz mahallasida bor. Bu esa Prezidentimizning biz ayollarga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligining eng katta samarasi qolaversa, hayotning eng muqaddas qadriyati sifatida — ona va bola salomatligini asrash demakdir.
Shu bois bugungi islohotlarni har bir ayol, har bir oila oʻz hayotida his etmoqda. Yangi tibbiyot punktlari, zamonaviy patronaj tizimi, ona va bola salomatligi uchun yaratilgan sharoit — bularning bari, aslida, oddiy insonlar hayoti sifatini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy ifodasidir.
Bugun men oʻz kasbimdan faxrlanaman. Chunki mening har bir qadamimda davlat gʻamxoʻrligi, xalqparvar siyosatning issiq nafasi seziladi. Mening maqsadim — mana shu ishonchni oqlash, kelajak avlod uchun sogʻlom onalar va sogʻlom bolalarni tarbiyalashga hissa qoʻshishdir.
Bu kasb — hayotning oʻzi kabi ogʻir, ammo shunday ulugʻ neʼmat shukronasini beradi-ki, har bir chaqaloqning ilk ovozini eshitganimda barcha charchoqlar unutiladi, kimgadir foydam tegayotganini his etaman.
Malohat Mirzayeva,
Furqat tumani “70-OP” mahalla doyasi









