Endi fuqarolar oʻz shaxsiy maʼlumotlarini qaysi tashkilotlarga taqdim etish yoki cheklash masalasini mustaqil ravishda boshqarishi mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, OneID orqali bank, moliya, sugʻurta, telekommunikatsiya va boshqa tizimlarga shaxsiy maʼlumotlarni faqat foydalanuvchining roziligi asosida berish yoki taqiqlash imkoniyati mavjud.

Buning uchun foydalanuvchi id.egov.uz sayti orqali tizimga kirib, ERI yoki Mobile-ID yordamida “Shaxsga doir maʼlumotlarni boshqarish” boʻlimida tegishli xizmatni faollashtirishi kerak. Shu yerda tashkilotlar roʻyxatida qulf belgisi orqali maʼlumotlarga ruxsat berish yoki uni cheklash mumkin.

Qayd etilishicha, OneID tizimiga QR-kod orqali kirilganda mazkur boʻlim avtomatik tarzda faollashadi. Buning uchun mobil qurilmaga OneID ilovasini yuklab olib, Mobile-ID yoki MyID orqali avtorizatsiyadan oʻtish va kompyuter ekranidagi QR-kodni skanerlash kifoya.

Mutaxassislar maʼlumotlarga kirishni cheklash kiberjinoyatchilikdan himoyalanishda samarali chora ekanini taʼkidlab, foydalanuvchilarni raqamli xavfsizlik masalalariga masʼuliyat bilan yondashishga chaqirmoqda.